Bu nihollar doʻstlik va oʻzaro ishonch bogʻlari boʻlib qad rostlaydi — Shavkat Mirziyoyev
Foto: president.uz
Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti doirasida yana bir xayrli ishga qoʻl urildi – barcha ishtirokchi mamlakatlarda daraxt ekish marosimi boʻldi.
Maʼlumki, tashkilotda bugungi kunning eng dolzarb muammosi boʻlgan ekologiya masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, tabiatni asrash boʻyicha amaliy choralar koʻrilmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” dasturi amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriyada ham bor.
Samarqand bu ezgu harakatlarni birlashtirdi. Sammitning asosiy tadbirlaridan keyin, turkiy davlatlar yetakchilari Registon maydoniga tashrif buyurdi.
– Ne-ne tarixiy voqealarga guvoh boʻlgan muhtasham Registon maydonida turib, turkiy dunyo sivilizatsiyasining yangi bosqichiga ramziy maʼnoda qadam qoʻymoqdamiz. Ulugʻ ajdodlarimizga xos boʻlgan azaliy anʼanalarni davom ettirgan holda, yana bir xayrli tashabbusni boshlamoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Daraxt ekish millatlarimiz qadriyati, bugungi mushtarak intilishlar timsoli ekani taʼkidlandi.
– Bu ishlarning barchasi turkiy xalqlar umumiy taraqqiyoti va farovonligi sari mushtarak intilishlarimizning yaqqol timsoli, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Biz bugun turkiy dunyo hurmatli yetakchilarining ushbu tabarruk zaminga oʻz qoʻllari bilan koʻchat ekayotganlarini yuksak qadrlaymiz. Zero, bu nihollar – hayot daraxtlari, doʻstlik va oʻzaro ishonch, maʼnaviyat va kelajak bogʻlari boʻlib qad rostlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya yetakchilari majmua bogʻiga koʻchatlar ekdi.
Marosim ushbu davlatlar poytaxtlari va mamlakatimiz hududlarida videoaloqa orqali koʻrsatildi. U yerlarda ham minglab koʻchatlar ekildi. Shu tariqa, daraxtzorlarni koʻpaytirish harakati xalqaro miqyos kasb etdi.
Turkiy davlatlar yetakchilari birgalikda suratga tushdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring