Bu mahalladan birorta fuqaro xorijga ish izlab ketmaydi

19:07 12 Sentyabr 2023 Jamiyat
505 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oltinkoʻl tumanidagi Ijtimoyat mahallasida 3130 nafar aholi istiqomat qiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, hududda birorta ham xorijda mehnat qiluvchi fuqaro mavjud emas. Boisi, tumanda yangi ish oʻrinlarining yaratilishi tufayli aholining doimiy daromadi taʼminlanmoqda.

— Bir paytlar Rossiya Federatsiyasida aholiga transport xizmati koʻrsatish yoʻnalishida faoliyat yuritganman,—deydi ushbu mahallada yashovchi Sarvarbek Sadriddinov. –Mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar, yangi ish oʻrinlarining yaratilishi tufayli hozirda “Qadr tekstil” MCHJda faoliyat yuritmoqdaman. Oylik daromadim 3,5-4 million soʻmni tashkil etmoqda.

Aytish joiz, bugungi kunga kelib tumanda 2500 ta tadbirkorlik subyekti mavjud boʻlib, ular tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 468 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

— Hududimizda aholi turmush sharoitini yaxshilash, ularni ishga joylantirish maqsadida 3 ta sanoat zonalari tashkil etildi,—deydi tuman hokimining oʻrinbosari Shoyadbek Ergashev. –Bu yerda kelgusida 179 milliard soʻmlik loyiha ishlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Shulardan 59 tasi hozirda oʻz faoliyatini boshlagan. Bu esa 834 ta yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga turtki boʻldi.

Hozirda bu kabi jarayon davom etmoqda. Misol uchun, “Qadr tekstil” MCHJ tomonidan 15 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu yerda matoni boʻyash, toʻqish va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Buning natijasida 1000 ta yangi ish oʻrni ochiladi. Sanoat zonasida mebelsozlik, toʻqimachilik va tikuvchilik yoʻnalishlarida ham 500 kishining ish bilan taʼminlanish koʻzda tutilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер