Bu yil Qozogʻistonda 11 ming km yoʻl pulli boʻladi
Qozogʻistonda 11 ming km uzunlikdagi milliy yoʻllar pulli boʻladi. Bu haqda Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Roman Sklyar maʼlum qildi,
“Bu yil biz “Nurli yoʻl“ infratuzilmalarni rivojlantirish dasturining ikkinchi bosqichiga oʻtdik. Uni amalga oshirish uchun 5,5 trillion tanga ajratiladi. Bu yil bir nechta loyihalarni, shu jumladan, 2600 km yoʻllarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Temir yoʻlni elektrlashtirish davom etadi. Shu bilan birga, 11 ming km uzunlikdagi milliy avtomobil yoʻllari pulli yoʻllar qatoriga oʻtkaziladi va ushbu yoʻllarni saqlash uchun ajratiladigan byudjet xarajatlari kamaytiriladi. Biz tejalgan byudjet mablagʻlarini boshqa muhim loyihalar uchun sarflashimiz mumkin boʻladi”, — dedi Roman Sklyar Hukumatning onlayn yigʻilishida.
Shuningdek, u Turkistonda xalqaro aeroport va Chimkentda yangi yoʻlovchi terminali qurilishi yakunlanganini, Oʻskemen, Urjar va Usharal aeroportlarida rekonstruksiya ishlari boshlanganini eslatdi. “Birinchidan, ushbu loyihalar hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Bu davlatning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir”, — dedi Roman Sklyar.
Taʼkidlash joizki, Hukumat 2020-2025-yillarga moʻljallangan “Nurli yoʻl” infratuzilmalarni rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring