Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru AQSHdagi kasalxonalardan biriga yotqizilgan

23:20 09 Yanvar 2023 Dunyo
1282 0

Foto: Reuters

Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru AQSHdagi kasalxonalardan biriga yotqizilgan. “Globo” yozishicha, uni qorin ogʻrigʻi bezovta qilgan. Bolsonaru 2018-yilda pichoqlanib, jarrohi stoliga yotqizilganidan soʻng bir necha bor qorin qismidagi ogʻriq bilan kasalxonaga yotqizilgan. Oxirgi marta u 2022-yilning noyabr oyida Braziliya Qurolli kuchlar gospitalida muolaja olgan edi.

Oldinroq, Braziliyada xavfsizlik kuchlari respublika sobiq prezidenti Jair Bolsonaru tarafdorlari lagerini tarqatish chogʻida 1,2 ming nafar namoyishchilarni hibsga olgani haqida xabar bergan edik.

Hibsga olinganlar Braziliya federal okrugining janubiga olib ketilgan.

8-yanvar kuni Braziliya poytaxtida sobiq prezident Jair Bolsonaru tarafdorlari uyushtirgan tartibsizliklar sababli favqulodda holat eʼlon qilingandi. Taʼkidlanishicha, ular amaldagi hukumat isteʼfosini talab qilishmoqda.

Joriy yilning 1-yanvar kuni Luis Inasiu Lula da Silva mamlakat Kongressidagi inauguratsiya marosimida qasamyod qilib, uchinchi marta Braziliya prezidenti sifatida faoliyatiga kirishgan edi. 

Silva oʻz nutqining katta qismini oʻzidan oldingi prezident Jair Bolsonaru boshqaruvi paytida yuzaga kelgan “halokatlar”ga bagʻishladi.

“Ular atrof-muhitni vayron qildilar, hech qanday manba qoldirmadilar. Bu xarobalardan men mamlakatni qayta tiklashga vaʼda beraman”, — dedi u.

Silva iqtisodiy siyosat Braziliyani qayta sanoatlashtirishga yoʻnaltirilishini qoʻshimcha qildi. Mamlakat Argentina, Paragvay va Urugvay bilan munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bilan faol muloqot olib borish niyatida.

Uning taʼkidlashicha, Braziliya oʻz taqdirining bunyodkoriga aylanishi kerak. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер