Bojxonachilar salkam 11 mlrd. soʻmlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻydi

17:10 03 Noyabr 2022 Jamiyat
889 0

Tamaki mahsulotlari respublikamizga import qilishda aksiz soligʻiga tortiladigan muhim tovarlar sirasiga kiradi. Boz ustiga, bojxonada rasmiylashtirilmagan va sifati kafolatlanmagan sigaretlarning nafaqat iqtisodiyotga zarari, balki inson sogʻligʻi uchun xavf koʻlami ham bir necha bor yuqori boʻladi.

Shu boisdan ham respublikamiz bojxonachilari tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbirlarni muntazam amalga oshirib kelishmoqda.

Buxoro viloyati “Xoʻjadavlat” temir yoʻl chegara bojxona posti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan yuk poyezdi vagonlaridan birining inspeksion koʻrik majmuasidan olingan rentgen tasviri hamda konteyner eshigi, ichki qismidagi belgi va raqamlar aks etgan yorliqlar qoʻlbola usulda oʻzgartirib qoʻyilgani bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.

Hujjatlarga koʻra mazkur konteynerga 20 tonnadan ziyod ogʻirlikdagi, muqaddam foydalanilgan avto ehtiyot qismlari ortilgan boʻlishi lozim edi. Ammo, tasvirlarda vagonga boshqa turdagi tovarlar ortilgani aniqlanganligi sababli, konteyner yuk egalari ishtirokida koʻrikdan oʻtkazishga qaror qilinadi.

Biroq qoʻshni davlatdan na yuk egalari, na ularning ishonchli vakillari bir necha kun davomida qayta-qayta chaqarilsalar-da, koʻrik jarayoniga yetib kelmaganlaridan soʻng, konteyner amaldagi tartiblar asosida va xolislar ishtirokida ochildi.

Natijada konteynerda yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan, umumiy qiymati 10 mlrd. 610 mln. soʻmlik 700 ming 719 quti sigaretlar ortilgani maʼlum boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, bojxona chegarasi orqali tovarlar tranzitini amalga oshirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib oʻtgan joyidagi bojxona organlariga oʻtkazilayotgan tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati haqidagi maʼlumotni taqdim etishlari shart.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Taʼkidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida qiymati 17.7 mlrd. soʻmlik 1.5 mln. quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qoʻyishdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga koʻp demakdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер