Bojxona institutining 149 nafar bitiruvchisiga diplom tantanali topshirildi
Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida ushbu oliy oʻquv yurtini tugallayotgan bitiruvchilarga tantanali diplom topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda bitiruvchilarni qutlar ekan, Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati bugungi bojxona avvalgisidan tubdan farq qilishini, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan olib borilgan faol islohotlar natijasida endi bojxona “chegarada darvoza qoʻriqchisi” emas, balki “toʻgʻri yoʻlga chorlovchi”, tashqi savdoga koʻmakchi idora sifatida yangi imijda namoyon boʻlayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Zulayxo Mahkamova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi Erkin Salixov va boshqalar ham bitiruvchilar qizgʻin muborakbod etishdi.
Tadbirda mehmonlar, ota-onalar va keng jamoatchiligi guvohligida bitiruvchilarga diplomlar tantanali topshirildi.
Xususan, 149 nafar bitiruvchilar orasida institutni imtiyozli diplom bilan tugallagan 13 nafar bitiruvchi yoshlarga diplomlarni shaxsan Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi topshirdi va ularga ulkan zafarlar tiladi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bojxona organlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini, yuksak kasbiy mahoratini rivojlantirish va takomillashtirishni taʼminlashning yagona tizimini tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida takomillashtirilgan oʻquv dasturlari asosida ushbu oliy oʻquv yurtida tahsil olgan kursantlar endi bojxona xizmati leytenanti sifatida “Yangi Oʻzbekistonning ertangi kun bojxonasi egasi” sifatida xizmatga kirishadilar.
Tantanali tadbir taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturiga ulanib ketdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring