Boyovut tumanidagi avtoyoʻl chetiga 150 ta bayrogʻimiz oʻrnatildi

14:57 08 Oktyabr 2024 Jamiyat
367 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Anorzor mahallasi Boyovut tumanining janubiy ostonasi hisoblanadi. Bugun ayni mahalla hududidan oʻtgan avtoyoʻlning ikki chetiga oʻrnatilgan 30 ta flagshtokda Vatanimiz bayrogʻi hilpirab turibdi. “Guliston — Boyovut” avtoyoʻlining tuman markazi yaqinidagi qismida esa kishiga faxr va iftixor baxsh etuvchi bunday ulugʻvor va tantanavor manzarani qariyb 2 kilometr masofa boʻylab kuzatish mumkin. Chunki, bu yerda oz emas, 120 ta bayroq oʻrnatilgan.

“Vatanparvarlik koʻchasi” deb ramziy nom olgan ushbu ibratli loyiha Boyovut tumani hokimligi tashabbusi bilan amalga oshirildi.

— Fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodning vatanparvarlik tuygʻusini yanada mustahkamlashda davlatimiz ramzlariga boʻlgan hurmat-ehtiromimiz va muhabbatimizning ahamiyati juda katta, — deydi ”Nuroniy” jamgʻarmasi Boyovut tumani boʻlimi raisi Alibek Shoimqulov. — Shu maʼnoda tumanimizdagi avtoyoʻllarda oʻnlab bayroqlarning magʻrur hilpirab turishi oʻtgan-ketgan borki, barchaning qalbida shu aziz zamin, shu jonajon Oʻzbekistonimizga boʻlgan mehr-muhabbatini joʻsh urdirmoqda, shu yurt farzandi ekanligidan qalbini faxrga toʻldirmoqda.

Ha, kengliklar, saxovatli dalalar ichra oʻtgan yoʻl chetidagi qator-qator baland flagshtoklardagi bayroqlarimiz yoshu keksaga cheksiz gʻurur va iftixor shukuhini baxsh etmoqda. Buni kimdir mashinasini bir zumga toʻxtatib, saf tortgan bayroqlar fonida suratga tushayotganida, bobo va buvining atayin ushbu manzarani tomosha qildirish uchun nevaralarini shu joyga olib kelganida, kelin-kuyovlarning Vatanga hurmat-ehtirom ramzi sifatida bayroqli koʻchadan birgalikda maʼlum masofaga piyoda yurib borishida va boshqa shu kabi xushnud holatlarda koʻrish mumkin. Yoki Boyovut tumanida yashovchi, shaxmat boʻyicha yosh murabbiy Samandar Jumayevning Guliston shahriga, shaxmat toʻgaragidagi ishiga avval boshqa yoʻnalishda qatnaganini, endi esa har kuni ayni ikki yonida bayroqlarimiz magʻrur hilpirab turgan yoʻldan borayotganini faxr bilan maʼlum qilganidan ham chuqur his qilish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер