Boyovut tumanida tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish shoxobchasi ishga tushdi
Foto: “Xalq soʻzi”
YUNISEFning 1 milliard 748 million soʻmlik grant mablagʻi hisobiga Boyovut tumani tibbiyot birlashmasida shpris, igna, shisha, reagent, plyonka, rezina qoʻlqop kabi tibbiy biologik chiqindilarni zararsizlantirib, qayta ishlaydigan utilizatsiya shoxobchasi foydalanishga topshirildi.
— Ushbu shoxobcha ishga tushgunga qadar tibbiyot birlashmamizning davolash profilaktika boʻlimlaridan chiqayotgan “B” guruhidagi chiqindilar maxsus pechlarda yondirilib yoʻq qilinar edi, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Akromjon Azizqulov. — Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan zamonaviy utilizatsiya shoxobchasi esa oldingidan mutlaqo farq qilib, tibbiy biologik chiqindilarni maydalab, dezinfeksiya vositalari orqali katta bosim ostida zararsizlantirib, atrof-muhitga mutlaqo zarar yetkazmaydigan holda qayta ishlab, yarim tayyor mahsulotga aylantirib bermoqda.
Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli olis hududdagi 10 ta oilaviy poliklinikada zaxira omborlari qurilib,tibbiy biologik chiqindilarni toʻplash, zararsizlantirish ishlari yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu turdagi utilizatsiya shoxobchasi hozirgacha mamlakatimizning uch hududida, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida YUNISEF koʻmagida ishga tushirilgan.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring