Bosqinchilik uchun qoʻlga olingan shaxsning boshqa jinoyatga ham aloqadorligi aniqlandi
Foto: Arxiv foto
21-fevral kuni Toshkent shahri Yangihayot tumani IIO FMB boshligʻi nomiga 24 yoshli O.B. jinoyat ishi yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti maʼlumot berdi.
Xabarga koʻra, 21-fevral kuni shikoyatchining tanishi 27 yoshli S.F. Yangihayot tumani Doʻstlik-2 dahasida joylashgan “Turizm va biznes” kasb hunar kollejining oldida boʻla turib, qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan pichoqqa oʻxshash ashyo bilan, uning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatgan.
Shu yoʻl bilan uni qoʻrqitib, unga tegishli boʻlgan “Samsung Galaxy A32” rusumli telefon apparatini bosqinchilik yoʻli bilan tortib olib, hodisa sodir boʻlgan joydan yashiringan.
Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida, S.F. qoʻlga olinib, undan telefon apparati soʻralganda, u apparatni Chilonzor tumanida joylashgan “Farhod” bozoriga borib, oʻziga notanish boʻlgan shaxsga oʻziniki sifatida 1.300.000 soʻm evaziga sotib yuborganligini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan S.F.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, u protsessual tartibda ushlangan.
Bundan tashqari, tergov harakatlari davomida, ushbu shaxs yana boshqa jinoyatga aloqadorligi aniqlangan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring