Boshqaruv servis kompaniyalari xalq xizmatida

17:41 27 Iyun 2024 Jamiyat
390 0

Said Donishev/«Xalq soʻzi». Jizzax viloyatda jami 2448 ta koʻp kvartirali uy-joylar mavjud boʻlib, bu uylarga hududdagi 31 ta boshqaruv servis kompaniyalari xizmat koʻrsatadi. Viloyatda lift uskunalari mavjud uy-joylar 65 tani tashkil etadi.

Ayni paytda viloyatdagi 6 ta boshqaruv tashkilotlari xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan maʼmuriy binolarda oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Qolganlari boshqa tashkilotlarning binolarida ijara va uylarning yertoʻla qismlarida faoliyat olib boradi.

Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ikki yil mobaynida jami 349 ta har xil turdagi ish oʻrinlari, shuningdek, 500 ga yaqin avtotransport, motoroller, avariya anjomlari va boshqa koʻrinishda moddiy texnika bazalari yaratildi.

Jizzaxlik mutaxassislar asosiy eʼtiborni debitor qarzdorliklarni qisqartirishga qaratdi. Xususan, yil boshidagi 31,8 mlrd. soʻmlik debitor qarzdorlik bugungi kunga qadar 19,7 mlrd. soʻmga qisqartirildi. 2024-yilning 25-iyun holatidagi qoldiq qarzdorlik 12,1 mlrd. soʻmni tashkil etadi. Qarzdorlikni majburiy tartibda undirish maqsadida sudlarga 16,7 mlrd. soʻmlik 16 518 ta daʼvo arizalari kiritildi. Natijada, oylik undirilish lozim boʻlgan badal mablagʻlarining sezilarli oʻsishi kuzatilmoqda.

Mazkur undirilgan mablagʻlar hisobidan 46 ta uylarning tom, 15 ta uylarning fasad, 100 ta kirish yoʻlaklari, 15 ta uylarning muhandislik kommunikatsiya tizimlari, 386 ta elektr taqsimlovchi shitlarni taʼmirlash hamda 33 ta kodli temir eshiklarni oʻrnatish ishlari amalga oshirildi.

MCHJ shaklidagi «Iskandar avlodi» boshqaruv servis kompaniyasi bugungi kunda Jizzax shahridagi 66 ta koʻp kvartirali uylarga namunali xizmat koʻrsatib keladi.

— 2023-yilgi davlat dasturi doirasida 20,0 mlrd. soʻm davlat mablagʻi hisobidan jami, 51 ta uy-joylarning maydonlari mukammal taʼmirdan chiqarildi, — deydi Jizzax viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Aziz Abdullayev. — Bunda 48 ta uylarning tom qismi, 15 ta uylarning muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlash, 31 ta uylarning ichki issiqlik quvurlarini tiklash, 314 ta framuga romlarni oʻrnatish, 1 ta uydagi 2 dona lift moslamalarini yangilash, tutash hududlardagi infratuzilma obyektlarini qurish ishlari amalga oshirildi.

Oʻz vaqtida undirilgan debitor qarzdorlik mablagʻlari hisobidan Boshqaruv servis kompaniyasi hududdagi 12 ta uy-joylarning umumfoydalanishdagi maydonlarini ish turlariga koʻra mukammal taʼmirdan chiqarib, mulkdorlarga 0,587 mlrd. soʻmlik kommunal xizmatlar koʻrsatildi. Boshqaruv servis kompaniyasining yaratilgan moddiy texnik bazasi respublikadagi namunali servis kompaniyalar qatoriga kiritildi.

Lekin hali u sohada qilinishi kerak boʻlgan vazifalar koʻp. Zafarobod tumandagi 113 ta koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatuvchi MCHJ shaklidagi «Zafarobod maxsus kommunal servis» boshqaruv kompaniyasi faoliyati qoniqarsiz topildi. Mazkur kompaniya tomonidan oʻtgan ikki yil davomida atigi 4 ta ish oʻrni yaratilgan. Koʻp kvartirali uylarga sifatli va tezkor kommunal xizmatlar koʻrsatish maqsadida boshqaruv tashkilotlari tomonidan 24/7 rejimda ishlovchi dispetcherlik xizmatlari tashkil etilgan. Boshqaruv servis kompaniyalarining joriy yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida badal mablagʻlarini undirish rejasi 0,104 mlrd. soʻm boʻlib, bugungi kunga qadar 0,034 mlrd. soʻm qarzdorlik undirilgan.

Mazkur kompaniya ham ishni toʻgʻri tashkil qilsa, hudud obodonligiga munosib hissa qoʻshgan, aholi yashash sharoitini yanada yaxshilagan boʻlardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер