“Boshimdagi tojim — onam” kitobi chop etildi
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli ijodkor, shoir va jurnalist Muhammad Ismoilning “Boshimdagi tojim onam” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda yozuvchi-shoirlar, muallifning yaqinlari va doʻstlari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar Muhammad Ismoilning ijodi, sheʼrlari, xususan, yangi nashr etilgan mazkur kitobi haqida fikrlari, dilsoʻzlarini bildirishdi.
— Ushbu kitobda Muhammad Ismoil oʻz volidasi timsolida barchamiz uchun aziz va muhtaram boʻlgan Onaga taʼrif beradi. — dedi adabiyotshunos Nurboy Jabborov. — Muhtaram onalarning farzandi uchun barcha qiyinchiliklarga bardosh berishi, oʻz jigarbandi uchun zarur esa jonini qurbon qilishga ham tayyorligi tasvirlanadi. Oʻzbek onasiga bagʻishlangan ushbu muhtasham asar kitobxonlarning koʻnglidan munosib oʻrin egallaydi, degan umiddamiz.
Kitobda adibning hayotiy xulosalari, tajribalari, saboqlari, kuzatishlari jamlangan “Yon daftarimdagi bitiklar”i ham oʻrin olgan. Unda inson, jamiyat hayoti haqida yozuvchi oʻz fikrlarini bayon etadi.
Taqdimot davomida shoir sheʼrlari asosida bastalangan qoʻshiqlar kuylandi. Kitob tadbir ishtirokchilariga sovgʻa etildi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring