Bosh vazir oʻrinbosari parlament soʻrovini qayta koʻrib chiqib, asoslantirilgan javob berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi

14:24 14 Noyabr 2023 Siyosat
212 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023-yil 19-sentyabrdagi qarori bilan Bosh vazir oʻrinbosari A.Ramatovga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborilgan edi.

Joriy yil 26-oktyabr kuni mazkur palament soʻroviga javob sifatida Qonunchilik palatasiga maʼlumot taqdim etildi. Oʻtgan vaqt mobaynida fraksiyalarda bildirilgan takliflar asosida shakllantirilgan parlament soʻrovidagi masalalardan kelib chiqqan holda, taqdim etilgan maʼlumot batafsil oʻrganib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish sohasida keng qamrovli tashkiliy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Avtomobil yoʻllari infratuzilmasini va ularning sifatini yaxshilash, harakat xavfsizligini taʼminlashni zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bilan mamlakatimizda yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlashning dolzarb yoʻnalishlaridan biri sifatida yoʻl-harakatini tashkil etishni toʻliq raqamlashtirish, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda yangi boshqaruv va nazorat tizimlarini tadbiq qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Parlament soʻroviga berilgan javobda ham bu sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusida belgilangan vazifalar toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Biroq, oʻrganish natijalari taqdim etilgan maʼlumotda aynan parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalarga asosiy eʼtibor qaratilmagani va buning natijasida soʻrovda qayd etilgan kamchiliklar, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan qoʻyilgan savollarga yetarli va toʻliq javob berilmaganligini koʻrsatdi.

Kuni kecha oʻtkazilgan fraksiyalar yigʻilishlarida ham parlament soʻroviga berilgan javob atroflicha muhokama qilindi hamda taqdim etilgan maʼlumotlar yetarli darajada tushuntirish berilmagani taʼkidlab oʻtildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugun boʻlib oʻtgan Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir oʻrinbosari mazkur parlament soʻrovini qayta koʻrib chiqib, unda qoʻyilgan har bir masala yuzasidan joriy yilning 1-dekabriga qadar toʻliq va asoslantirilgan javob berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер