Bosh vazir oʻrinbosari Denovdagi tadbirkor ayollardan xabar oldi

17:46 10 Dekabr 2024 Jamiyat
325 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova Denov tumaniga tashrif buyurib, mahallalarda “yettilik” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarining borishi bilan tanishdi hamda “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan ayollar bilan ishlash borasidagi vazifalarni koʻzdan kechirdi.

Xususan, “Surxon” mahallasida boʻlgan Zulayho Mahkamova bu yerda xotin-qizlar bandligini taʼminlash yuzasidan qilinayotgan amaliy ishlar eʼtirofga loyiqligini alohida taʼkidladi. Bunda oʻz hissasini qoʻshayotgan chevar Dilorom Yoʻldoshevaga oʻz minnatdorligini bildirdi.

— Tikuvchilik seximizda “Ayollar daftari”ga kiritilgan oʻndan ortiq xotin-qiz bepul hunar oʻrganmoqda, — deydi Dilorom Yoʻldosheva. — Shu kungacha kursimizni tugatgan sakkiz nafar ayol oʻz shaxsiy biznesini yoʻlga qoʻygan boʻlsa, besh nafari shu yerning oʻzida yaxshi maosh asosida faoliyat yuritmoqda. Berilayotgan eʼtibor va imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanib, bu boradagi ishlarimizni kengaytiramiz.

Tumanning “Quyoshli yurt” mahallasida oʻz shaxsiy tomorqasidan samarali foydalanib, gulchilik va koʻchatchilik faoliyatini yoʻlga qoʻygan xonadonda boʻlgan Zulayho Mahkamova shu yerning oʻzida mahallaning bir guruh xotin-qizlari bilan samimiy suhbat qildi.

Shuningdek, “Nurli manzil” mahallasida tadbirkor ayollar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Mutasaddilar ishtirokida xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatlarini yanada kengroq qoʻllab-quvvatlash yuzasidan muhim vazifalar muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер