Bosh aylanishi nimadan darak beradi?

15:57 20 Dekabr 2020 Jamiyat
33826 0

Baʼzan inson turgan joyida qalqib ketib, atrofdagi buyumlar oʻzi bilan birga harakatlanganday, chirpirak boʻlib aylanganday tuyuladi. Bunday holatlarda, bosh aylanishidan koʻpchilik bemorlar shikoyat qiladi. Ayniqsa, bu holat katta yoshli insonlarda koʻp uchraydi. Bosh aylanishi nimadan darak berishi xususidagi SSV Matbuot xizmati savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova javob berdi.

— Bosh aylanishi kimlarda koʻproq kuzatiladi? Odatda bunga nima sabab boʻladi?

— Bosh aylanishi har qanday yoshdagi kishida kuzatilishi mumkin, ammo keksalarda tez-tez uchraydi — 70 yoshdan oshgan odamlarning 20 foizigacha boʻlgan qismi bu muammoga duch kelishadi. Katta yoshlilar oʻrtasida ayollar erkaklarga nisbatan koʻproq aziyat chekishadi.

Agarda alkogoldan zaharlanish, dori vositalarining nojoʻya taʼsiri, suvsizlanish, qizib ketish yoki issiq urishi, avtomobil, poyezd yoki kemada sayr qilish, kamqonlik, qonda qand miqdorining pasayib ketishi, qon bosimining tushib ketishi, birdaniga koʻp jismoniy mashqlar bajarish, quloq infeksion kasalliklari tufayli bosh aylanishi qisqa davom etsa, odatda, bu inson uchun zararsiz boʻladi.

— Bu holat qaysi kasalliklar alomati hisoblanadi?

— Bosh aylanishi jiddiy kasalliklarning alomatlari ham boʻlishi mumkin — aritmiya va insultdan tortib, saratongacha boʻlgan xastaliklarning alomati hisoblanadi. Shu bois bosh aylanishining turlarini ajratish juda muhim.

Deylik, boshning tez-tez va uzoqroq aylanishi quloqning jiddiyroq kasalliklari(vestibulyar nervning virusli infeksiyalari, labirintit)da uchraydi. Bunday bosh aylanishiga beeʼtibor boʻlmaslik kerak. Chunki bu holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga oʻtib ketish xavfi yuqori boʻladi.

— Bosh aylanishining yana qanday koʻrinishlari bor?

Birdaniga holsizlik, koʻrish yoki eshitish, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishi ham bor. Bunday holat insultni bildiradi. Agar bemorning nutqi oʻzgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki insult kasalligida butunlay tuzalib ketish taxminan 16 foizga teng, qolgan 84 foiz holatda bemorning oʻlimi yoki nogironlik bilan tugallanadi.

Oʻtirgan joydan turilganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi koʻp uchraydigan holat. Koʻpincha u organizmda suyuqlik yetishmasligi bilan bogʻliq boʻladi. Shu sababli kunning issiq vaqtlarida koʻproq suyuqlik ichish kerak. Agar sizda suvsizlanish yoʻq boʻlib, ortostatik bosh aylanishi boʻlsa, sizda yurak ritmining buzilishi yoki yurak yetishmovchiligi boʻlishi mumkin.

Bosh aylanishi bilan birga kuchli bosh ogʻriqlari, yurishning qiyinlashishi va yiqilish, koʻngil aynishi va qusish, hushdan ketish, nafas olishning qiyinlashishi, boʻyin muskullarining tortishishi va talvasalar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер