Boli ham, zahri ham koni foyda
Arxiv foto
Ota-bobolarimiz asalarichilikni yetti xazinaning biri sanashgan. Boisi asal shifobaxsh neʼmat sifatida oʻz tarkibida inson organizmi uchun zarur yetmishga yaqin mikroelementlarni jamlagan. Bundan tashqari asalaridan olinadigan ona suti, gul changi, propolis bir qator xastaliklarga davo ekanligi koʻpchilikka ayon.
Bir soʻz bilan aytganda, asalarichilik insoniyatning har doim tabiiy dorixonasi boʻlib, yurtimiz tabiati va iqlim sharoiti u bilan shugʻullanish uchun nihoyatda qulay. Ayniqsa, uning rivoji uchun eng muhim manba ekin maydonlari, bogʻ-rogʻlar, gulzoru xiyobonlar yetarli. Mazkur maydonlarning turli-tuman dori va kimyoviy unsurlaridan xoli ekanligi esa soha rivojida muhim ahamiyatga ega. Shunga qaramasdan soʻnggi asrda asalarichilik mamlakatimizda stixiyali rivojlanib, ayrim hududlardagina kishilar ishqibozlik va roʻzgʻor ehtiyojlari uchungina asalari tutishardi. Sof va tabiiy asal taʼmini koʻpchilik unutib, ixlos qilganlar uni tanish-bilish orqali topishardi. Misol uchun Qiziltepada toza asal istaganlar Vangʻozi qishlogʻida Murodovlar xonadonidan uni xarid qilishgan.
— Amakim Poʻlat va otam Temir Murodovlar oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridan boshlab asalarichilik bilan shugʻullanishgan, — deydi bugungi kunda ularning ishini davom ettirayotgan Ulugʻbek Murodov. —Asl kasbi biolog boʻlgan Poʻlat amakim asalarichilikka ilmiy yondashib, asalariga katta ziyon yetkazuvchi “varroa” kanasini yoʻqotishda ilk bor chumoli kislotasidan foydalangan hamda undan asalari va asalarichi zaharlanmasligi uchun maxsus moslama yaratgan.
Oʻtgan asr saksoninchi yillarida defolyatsiyada zaharli vositalardan keng foydalanish tabiiyki, asalarilarga ham katta xavf solib, ziyon yetkazgani, ularning asalarini olib 200-250 kilometrgacha choʻlga chiqib ketishgani kechagidek esimda. Shu yoʻl bilan aka-uka ularni saqlab qolib, koʻpaytirishning uddasidan chiqishardi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 16-oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asriy qadriyat darajasiga chiqqan asalarichilik ravnaqida yangi sahifa ochdi. Unda sohani boshqarish tizimini tubdan takomillashtirishdan tortib, naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish orqali asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarinini yana-da koʻpaytirish, qayta ishlash, eksport salohiyatini kengaytirish va ilgʻor tajribalarni tatbiq etishdek ustuvor vazifalar ularni qoʻllash mexanizmlari oʻz aksini topgan.
— Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatimizda oʻz atrofiga 986 asalarichini birlashtirgan viloyat asalarichilar uyushmasi tashkil etildi, — deydi uyushma raisi Ulugʻbek Murodov. — Asalarichilarimiz tomonidan ayni kunlarda joriy yilning dastlabki hosili yigʻishtirib olinmoqda.
Murodovlar asalarichilikda ancha yillardan buyon Ukrainaning Zakarpatye viloyati bilan hamkorlik qilishadi. Oʻtgan yili uyushma rahbari sifatida hamkor mamlakatda boʻlib, 600 dona “karpat” zotli ona bolari olib kelgan edi. Ushbu zot hosildorligi, kasalliklarga chidamliligi, erta bahorda qisqa fursatlarda oʻzini tiklab olishi bilan ajralib turadi. Bir soʻz bilan aytganda, u mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos. Shu bois uni koʻpaytirib, fermer xoʻjaliklari tarkibida mazkur soha faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.
— Asalarichilik fermerga faqat asal orqaligina daromad keltirib qolmaydi, - deydi U. Murodov. — Sababi u qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish, urugʻ yetishtirishda ham alohida ahamiyatga ega. Asalari changlatgan gʻoʻzaning hosildorligi 30, mevali bogʻlar, moyli ekinlar, ayniqsa shaftoli, olma, olxoʻri, bodom, gilos, olcha, oʻrik kabi mevali oʻsimliklarda 50 foizgacha oshishi isbotlangan. Bu dehqonchilik ilmiy asosda yoʻlga qoʻyilgan mamlakatlarning qishloq xoʻjaligida qoʻllanilib, asalarichi oladigan daromadning asosiy qismini changlatishdan topadi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, asalari bir kilogramm asal yigʻish uchun bosgan yoʻli Yer kurrasini bir necha marta aylanib chiqish bilan teng ekan. Nafsilamrini aytganda, asalari tutgan kishining zahmati ham bundan kam emas.
— Bir mavsumda yigirmaga yaqin “yaylov” alishtiramiz, — deydi Nurotada nomi chiqqan asalarichi Shodmonovlar sulolasidan Toyir Shodmonov. — Beshta hudud - Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzaxni aylanib va nihoyat oʻzimizning Navoiy viloyatlarida manzil quramiz. Erta bahor bodom gulidan asal yigʻishni boshlab, kech kuzda choʻl gullari bilan yakunlaymiz. Qovoq ari va Kurkunak kabi qushlardan qochib, baʼzi manzillarda ikki kun ham qololmaymiz.
Suv tanqis Nurotada asalarichilik bilan shugʻullanish har bir oila uchun koʻshimcha daromad boʻlishi mumkin. Shu bois tuman hokimligi yaqinda Shodmonovlarga joriy mavsumda 100 oila asalari oilasiga buyurtma berdi. Respublikamiz Prezidenti joriy yilning 14-aprel kuni qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida insoniyatni tashvishga solgan pandemiya oziq-ovqat taqchilligini vujudga keltirishi mumkinligini taʼkidlab, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligi vazifalarini belgiladi. Shu asosda joriy yilda viloyatda asalarichilar safini 1400-1500 yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, asal yetishtirish hajmini oʻtgan yilga nisbatan 1500 tonnaga oshirib, 150 tonna asalni eksport qilish koʻzda tutilmoqda.
Eng muhimi bugun mamlakatimizdagi barcha tub oʻzgarishlar inson omilining faollashuvi, uning mehnat va intellektual salohiyatidan unumli foydalanish, tadbirkorlik intilishlarini ragʻbatlantirish hamda shaxs, jamiyat va davlat manfaatdorlik munosabatlari mutanosibligini taʼminlashga qaratilgan. Natijada bu yangilanishlar kishilar shuuridagi iqtisodiy va maʼnaviy qarashlarning oʻzgarishiga, eng avvalo jamiyatimizning har bir fuqarosida boshqalardan ortda qolmaslikka harakat qilish, kelajakka boʻlgan ishonch tuygʻularini mustahkamlamoqda.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring