Bolaning begonasi boʻlmaydi
Foto: “Xalq soʻzi Online”
Mamlakatimizda har bir bola hech kimdan kam boʻlmay taʼlim-tarbiya olishi uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Shu jumladan, nogironligi bor, koʻngli yarim bolajonlar hamisha eʼtiborda.
Toshkent shahar Planetariysida Yangi yil bayrami munosabati bilan “Bolajonlar bizning baxtu kamolimiz” nomli xayriya tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda Olmazor tumani 2-Muruvvat uyi va Yunusobod tuman 21-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, shuningdek, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning farzandlari taklif etildi.
Tadbir doirasida bolajonlar Planetariy boʻylab ekskursiya uyushtirildi. Sayohat davomida ularga buyuk alloma Mirzo Ulugʻbek, uning ilmiy merosi, shuningdek, koinot sirlari haqida hikoya qilib berildi.
— Ushbu xayriya tadbiri 2014 yildan buyon oʻtkazib kelinadi, – deydi Toshkent shahar Planetariysi bosh uslubchisi Madina Azimova. – Har yili turli dasturlar bilan bolalarimizni koʻnglini koʻtarishga harakat qilamiz. Maqsadimiz ularning bir kunini boʻlsa-da mazmunli oʻtkazishga hissa qoʻshish hamda har doim eʼtiborda ekanliklarini bildirishdir.
Tadbirda “Nihol” bolalar raqs ansambli oʻz raqslari bilan ishtirok etdi. Xayriya tadbiri doirasida yulduzli viktorina, sahna koʻrinishlar va boshqa qiziqarli dasturlar tashkil etildi. Shuningdek, bolajonlarga bayram dasturxoni yozilib, sovgʻalar ulashildi.
Yulduz OʻRMONOVA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring