Bolalarda bronxial astma kelib chiqishining yana bir sababi aniqlandi

13:12 23 Yanvar 2024 Jamiyat
635 0

Nasliy va kasbiy omillar, ekologik muammolar, semizlik, notoʻgʻri ovqatlanish, turli mikroorganizm va allergenlar... Bular — bronxial astma xastaligini keltirib chiqaruvchi sabablar roʻyxatida yetakchi.

Ammo bolalarda mazkur xastalikni yuzaga keltiruvchi yana bir muhim faktor bor. Buni Avstraliyaning Kvinslend universiteti olimlari aniqladi. Qayd etilishicha, ota-onalardagi davomli ruhiy tushkunlik kelgusida ularning farzandlarida astma xastaligini paydo qilishi mumkin.

Ushbu ilmiy xulosani jamoatchilikka taqdim etish uchun 14-yil zarur boʻldi. Uzoq yillik tadqiqot davomida mamlakatda yashovchi 3900 nafardan ortiq bolalarga tegishli tibbiy maʼlumotlar tahlil qilindi.

Oʻrganishlar yakunida ota-onalari oʻrta va yuqori darajada stressni boshdan kechirgan oʻgʻil-qizlarda 77 foiz koʻproq nafas qisishi va hansirash xurujlari kuzatilishi maʼlum boʻldi.

Alohida mezonlar boʻyicha tahlil qilinganda, onalaridagi depressiya tufayli farzandlarida astmaga chalinish ehtimoli 55 foizga ortishi aniqlandi.

Shuningdek, ota-onalari oʻrtacha moliyaviy qiyinchiliklarga roʻbaroʻ kelgan oilalarda dunyoga kelgan oʻgʻil-qizlarda bu koʻrsatkich 40 foizdan koʻproqni tashkil etgan.

Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda dunyo boʻyicha oʻrtacha 5 foiz aholi bronxial astma tashxisi bilan yashamoqda. Bolalar oʻrtasida bu statistika yanada yuqori — 10 foizga teng.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер