Bolalar oromgohlarida mavsum boshlandi
Foto: Халқ сўзи
Yurtimizda uch fasl xislatlarini bir vaqtga jamlagan soʻlim goʻshalar bisyor. Bunday manzillarda bolalar oromgohlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, yozning dastlabki kunlaridayoq bu togʻu daralar bolajonlarning shoʻx-shodon ovozlari bilan toʻlib ketadi.
— Joriy mavsum “NKMK jamgʻarmasi” tasarrufidagi 13 ta statsionar va maktablar qoshida kunduzgi oromgohlarda “Navoiyuran” DK ishchi-xodimlarining 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan mingdan ziyod farzandlari dam olishi rejalashtirilgan, — deydi 6-birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Davrbek Temirov. — Bu har toʻrt boladan biri deganidir. Ular 4 mavsumda 14 kundan dam olishadi. Barcha oromgohlarda bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, 4-iyundan dastlabki bosqich boshlandi.

Navoiylik konchilarning farzandlari shahar tashqarisidagi oromgohlardan Kattaqoʻrgʻondagi “Soʻgʻdiyona” va Navbahor tumanidagi «Sarmish» oromgohlarini xush koʻrishadi.
— «Sarmish» yozgi bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohimiz togʻlar bagʻrida joylashgan boʻlib, bahavo va barcha sharoit muhayyo qilingani uchun ham bu yerda dam olishni istaganlarning soni yildan-yilga oshib bormoqda, — deydi “Zafarobod” kon boshqarmasi 17-kasaba uyushmasi raisi Irina Nazarova. — Ushbu oromgoh bu yil ham 4 bosqichda 660 nafardan oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga oladi.
— Mening oʻgʻlim bu yil 4-sinfni tugatdi, farzandim yozning qaynoq kunlari oromgohda tengdoshlari, aka-opalari bilan maza qilib, yayrab dam olishi uchun «Sarmish» oromgohiga joʻnatdim, — deydi “Navoiy uran” DK “Zafarobod” kon boshqarmasi ishchisi Nafisa Sanaqulova. — Oromgoh daraxtzor, soya-salqin ekan. Taomlaridan ham koʻnglimiz toʻldi.

— Men bu oromgohga birinchi marta kelishim, lekin oʻtgan yillari boshqa oromgohlarga borganman, — deydi Zafarobod shaharchasida yashovchi, 5- umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Goʻzal Nuraliyeva. — Oromgohning tarbiyachilari juda mehribon. Ingliz tili, raqs, rasm va sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Men har yili munchoqdan buyumlar yasash va dizaynerlik toʻgaragiga qatnashaman.
Barcha oromgohlarda bolalar mazmunli dam olishlari bilan birga turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, fan va sanʼat arboblari bilan uchrashuvlar tashkil etish, turli sport musobaqalari oʻtkazish rejalashtirilgan.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, oromgohda har bir bosqichda Navoiy shahridagi mahallalarda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 22 nafar farzandi ham bepul dam olishi tashkil etilmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring