Bola nutqidagi buzilishlarga nima sabab boʻladi?

17:03 20 Noyabr 2022 Jamiyat
1128 0

Foto: Illustrativ foto

Kichik yoshdagi bolalar orasida nutq buzilishi bilan bogʻliq muammolar koʻp uchraydi. Bunga esa asosan tashqi omillar yoki ota-onalarning eʼtiborsizligi sabab boʻlishi mumkin.

— Dislaliya nutq buzilishining keng tarqalgan turi boʻlib, bu holatda kichik yoshli oʻgʻil-qizlar ayrim tovushlarni toʻgʻri talaffuz qila olmaydi, — deydi stomatolog-shifokor Mirafzal Irxanov. — Yoki bir tovushni ikkinchisiga almashtirib, baʼzi paytda uni oʻtkazib yuboradi.

Asosan 3-4 yoshli kichkintoylarda uchraydigan bu kabi nutq buzilishida bola oʻz istaklarini toʻliq va aniq bayon eta olsada, baʼzi soʻzlarni notoʻgʻri talaffuz qiladi. Masalan “mashina” soʻzini “matina”, “shirinlik” soʻzini esa «tirinlik» deb aytishi mumkin.

Dislaliyaning 2 xil – funksional va mexanik turlari bor. Mexanik turiga asosan bola ogʻzidagi nutq apparatida (tishlar joylashuvi, jagʻlar shakli) kamchiliklar, tanglayning tartibsiz tuzilishi, qalin lablar sabab boʻladi.

Funksional dislaliyani esa bolaning oʻtkir kasalliklarni boshdan kechirganligi, oilada ikki tilda soʻzlashish, farzand nutqini notoʻgʻri tarbiyalash, u bilan kam suhbatlashish, kichkintoy bilan gaplashganda soʻzlarni “bolalarcha” talaffuz qilish va unda fonemik eshitishning yaxshi rivojlanmaganligi kabi omillar keltirib chiqaradi.

Mexanik dislaliya tashxisi qoʻyilgan bolani ortodont va logoped mutaxassislar birgalikda davolashi lozim. Buning uchun kichkintoyga ogʻiz orqali bajariladigan maxsus mashgʻulotlar tavsiya etiladi. Ayrim vaqtlarda esa shifokor koʻrsatmasi bilan jarrohlik amaliyoti qoʻllaniladi.

Funksional dislaliya 5 yoshgacha davolanmaydi. Agar bola shu davrga qadar baʼzi soʻzlarni notoʻgʻri talaffuz qilayotgan boʻlsa, u bilan toʻgʻri va ravon soʻzlashish orqali muammoni bartaraf etish mumkin. Bunda kichkintoyga sheʼr yodlatish, qoʻshiqlar eshittirish yaxshi foyda beradi. Biroq bola 5 yoshga toʻlgach ham “quyosh” soʻzini «quyos» deyayotgan boʻlsa, uni, albatta, shifokorga koʻrsatish zarur.

Mazkur holatda logoped jajji bemorga ogʻiz mashgʻulotlarini oʻrgatish va talaffuz qila olmayotgan tovushlarni toʻgʻri aytishga koʻmaklashadi. Yaʼni maxsus logopedik yoʻllar bilan bu tovushlarni kichkintoy nutqida mustahkamlaydi.

Shuningdek, bola nutqini rivojlantirishda ogʻiz mushaklarini kuchaytirish yaxshi samara beradi. Buning uchun kichkintoyga sabzi, olma, qotgan non yoki turshak kabi yeguliklardan berib turilsa, foydadan xoli boʻlmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер