Boysun tumani prokuraturasi xodimlari yangi binoda ish boshladi
Foto: “Xalq so‘zi”
So‘nggi yillarda Surxondaryo viloyati markazidan olis, tog‘oldi hududda joylashgan Boysun tumanida ko‘plab madaniy, maishiy, savdo va ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish inshootlari, ijtimoiy soha obyektlari, shuningdek, yangi maʼmuriy binolar bunyod etilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bu esa hududga zamonaviy qiyofa kasb etishi barobarida tuman aholisiga qulayliklar tug‘dirmoqda.
Ana shunday bunyodkorlik ishlari natijasida tuman prokuraturasi yangi binosi foydalanishga topshirildi. Taqdimot marosimida viloyat va tuman prokuraturasi xodimlari, tuman hokimligi, huquqni himoya qiluvchi organlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, prokuratura organlari faoliyati samaradorligini oshirish, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlash saʼy-harakatlari izchillik kasb etmoqda.
Taqdimot marosimida yig‘ilganlar yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda endilikda tuman prokuraturasi hamda departament va majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimlari faoliyat olib boradi.
Maʼlumot o‘rnida. Boysun tumanidagi 2-sektor hududida 10 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 33567 nafar aholi istiqomat qiladi. Sektor shtabi tomonidan muntazam aholi murojaatlari bilan ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Ilhom RAHMATOV, "Xalq so‘zi".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring