Bobotogʻ — yangi oʻzgarishlar ostonasida

11:25 08 Fevral 2022 Jamiyat
1079 0

Foto: Халқ сўзи

Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi Bobotogʻ massivi iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli nisbatan ogʻir hudud sifatida tanlab olingan. Mahallabay ishlash tizimi samaradorligini oshirishga bagʻishlangan navbatdagi seminar ham ushbu hududda tashkil etilgani bejiz emas. Qoʻshni Tojikiston Respublika bilan chegaradosh Bobotogʻ qishlogʻida 16 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2023-yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotogʻ hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan Bobotogʻ hududida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish, yangi bogʻ va uzumzorlarni tashkil etish, pillachilik va chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik ishlarini va veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish, shuningdek, elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash, tibbiy va aloqa xizmatlari sifatini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sektorlar rahbari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan seminarda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov mahallabay hamda xonadonbay ishlash asosida har bir xonadon va fuqaroni qiynayotgan masalani aniqlash, mavjud muammolarni bartaraf etish doimiy eʼtibor markazida ekanini taʼkidladi.

 

 

Bobotogʻda asosiy drayver soha - bu dehqonchilik va chorvachilik. Oʻrganishlar natijasida ushbu yoʻnalishlarda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan xonadon egalariga parrandachilik, chorvachilik, issiqxona tashkil etish maqsadida imtiyozli kreditlar taklif etildi.

Massivdagi «Ulanqul» mahallasida viloyat rahbari Toʻra Bobolov yoshlar vakillari bilan muloqot qilib, ularning taklif va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi. Maʼlum qilinishicha, endilikda har yili bahor faslida “Bobotogʻ bahori” ochiq folklor festivali oʻtkaziladi.

Mahallada uyushtirilgan seminar davomida tumanda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi va mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Bobotogʻliklar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. 40 yoshdan oshgan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan 125 nafar fuqarodan 52 nafarida kasallik aniqlandi. Ularning 42 nafari ambulator, 10 nafari statsionar sharoitda davolanishga yuborildi.

Shu kuni «Ulanqul» mahallasining 9 kilometr ichki yoʻllarida tosh-shagʻal yotqizish ishlari yakunlandi. Buning uchun oʻnlab maxsus texnikalar va yuzlab hasharchilar jalb etildi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер