Boboshbek tadbirkorlari jahon bozoriga chiqmoqda

20:10 26 Iyul 2022 Jamiyat
943 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida joylashgan Boboshbek mahallasini hazilomuz ohangda “Fargʻonaning Xitoyi” deydilar. Buning oʻziga xos sababi bor, albatta.

Ayni paytda mahalladagi 1 ming 498 ta oilada 5 ming 300 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududdagi mingga yaqin oila oʻz xonadonida tikuvchi-tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan boʻlib, ularning orasida oʻnlab ish oʻrinlari yaratganlari bor.

Yaqingacha ham 4-6 sotixli xonadonlarda oʻnlab tikuvchilar qiynalib ishlagan, tayyor mahsulotlarni sotish uchun qishda sovuq, yozda chang koʻchada savdo qilingan boʻlsa, endi mahallada muhtasham «Boboshbek» savdo va ishlab chiqarish majmuasi tashkil etildi. Majmua oldida kechayu kunduz ishlaydigan ulgurji bozor faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda bu yerda tayyorlanayotgan keng assortimentdagi ayollar, bolalar kiyim-kechaklarini jahon bozoriga mahsulotlarni “B” brendi ostida chiqarish choralari koʻrilmoqda.

— Avgust oyining birinchi oʻn kunligida mahalladagi ikki nafar tadbirkor hamrohligida ilk mahsulotlarni ikki tomonlama imzolangan shartnomaga koʻra, Rossiyaga olib ketyapmiz, — deydi «Boboshbek» MFY hokim yordamchisi Xurshidbek Samadov. — Bundan koʻzlangan maqsad hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish va yangi shartnomalar imzolashga qaratilgan.

Prezidentning 2021-yil 27-may kungi “Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida qurilgan ushbu majmuada tadbirkorlarning jahon bozoriga chiqishi uchun barcha sharoit mavjud.

Loyihaga koʻra, 15 gektar maydonda 316 ta ishlab chiqarish sexlari bilan birga 336 ta savdo doʻkoni, 560 ta savdo rastasi, 2 ta logistika markazi faoliyat koʻrsatadi. Majmuada yiliga qariyb 900 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollarlik eksport qilinishi rejalashtirilgan. Shu tariqa 7 ming 700 dan ziyod doimiy ish oʻrni yaratilmoqda.

Uchkoʻprik tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Azizbek Ermatovning maʼlum qilishicha, boboshbekliklar ichki bozorni toʻliq egallab boʻlishdi, endigi navbat jahon bozoriga. Misol uchun, oʻtgan oyda Uchkoʻprik tumani delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi davomida ham bu borada qator kelishuvlarga erishildi. Osiyo qitʼasi, MDH davlatlariga eksportni amalga oshirish boʻyicha yangi-yangi hamkorlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir.

Hozirda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo va logistika majmuasi qurilishining birinchi bosqichi yakunlanib, ikkinchi bosqich doirasida belgilangan ishlar jadal davom etyapti.

— Jahon bozoriga chiqishda aynan Turkiya, Xitoy tajribasi bizga juda qoʻl keladi, — deydi mahallaning eng tajribali tadbirkorlari Hamida Akbarova. — Tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi tajribamizni zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishimiz uchun barcha imkoniyat yaratib berildi. Boboshbek jahon bozorida, albatta, oʻz oʻrni va brendiga ega boʻlishiga erishish eng asosiy maqsadimizdir.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер