Bizni osmonlarga koʻtargan shu aziz zaminimiz – musavvir Zebiniso Sharipova
Foto: Xalq so‘zi
Musavvirlik bilan shoirlikni koʻz ilgʻamas rishtalar bogʻlab turadi. Shoirning his-tuygʻulari sheʼr boʻlib qogʻozga tushadi. Musavvir yuragidagi poʻrtanalar esa moʻyqalam vositasida betakror manzaralarga aylanadi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Zebiniso Sharipovaning Buxoro sanʼat muzeyida tashkil etilgan shaxsiy koʻrgazmasida boʻlganimizda koʻnglimizdan shu fikrlar kechdi.
Koʻrgazmada iqtidorli rassomning turli yillarda yaratilgan asarlari qoʻyilgan. Ularni tomosha qilayotib, musavvir tasavvur dunyosining kengligini, muallifning falsafiy mushohada yuritishga moyilligini his etasan kishi. Xususan, “Tush”, “Samo raqsi”, “Munozara”, “Yogʻdu ulashib”, “Oʻtmish” deya nomlangan suratlar sanʼat ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi.
— Gʻijduvon tumanining Xosakent qishlogʻida tugʻilib oʻsganman,- deydi ayni damda poytaxtda erkin ijodkor sifatida faoliyat koʻrsatayotgan musavvir. — Oʻqib-oʻrganib rassom boʻlib yetishishimda ota-onamning hissasi katta. Esimda, hovlimiz oldidan ariq oʻtar, undan soʻng paxta dalasi, keyin esa tutzor, sal naridan esa soy oqardi. Juda chiroyli manzara edi. Ayniqsa, quyoshning botishini oʻzgacha bir zavq bilan tomosha qilardim. Suratlarimni koʻrib, Odinayev degan oʻqituvchimiz “Sendan yaxshi rassom chiqadi. Bunga men ishonaman”, deya qoʻllab-quvvatlagani yodimda.
Xorijiy davlatlarda koʻrgazmalarim tashkil etilgan. Shunday tadbirlarning biri xotiramdan aslo koʻtarilmaydi. Suratlarimni tomosha qilayotgan sanʼat ixlosmandlaridan biri “Asarlaringizdan ona yurtingiz — Oʻzbekiston tuprogʻining hidi keladi”, degan edi. Allanechuk boʻlib ketganman. Darhaqiqat, bizga ilhom bergan, bizni osmonlarga koʻtargan shu aziz zaminimizdir. Bilasizmi, koʻhna Buxoroga kelsam, bu yerdagi osori atiqalarni koʻrib juda taʼsirlanaman. Masjidu madrasalar qad rostlab turgan tor koʻchalar oralab yurarkanman, roʻparamdan bobokalonim Sharifjon Maxdum Sadri Ziyo chiqib kelayotgandek tuyulaveradi.

Musavvirning bu haqida toʻxtalishi bejiz emas. Sharifjon Maxdum Buxoroda XIX asr oxiri - XX asr boshida yashab oʻtgan davlat arbobi, shoir, olim, xattot sanaladi. Jadidlarga xayrixoh bu inson Buxoro amirligida qozikalon lavozimida ishlagan. Turli sohalarga oid 70 dan ziyod asar yozgan. Juda boy kutubxonasi boʻlgan. Kitoblari hozir OʻzFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanmoqda.
— Zebiniso Sharipovaning asarlarini kuzatib, uning shunday maʼrifatparvar bobokaloniga munosib izdosh boʻlishga intilayotganini sezish mumkin, - deydi sanʼatshunos Raʼno Eshonqulova. — Musavvirning oʻziga xos kartinalari bu fikrni tasdiqlaydi. Biz undan yangidan-yangi asarlar kutib qolamiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring