Biznes rivoji – taraqqiyot kafolati
Poytaxtimizning “Yangi Oʻzbekiston” xududidagi “CAEx”koʻrgazmalar majmuasida “Oʻzbekiston- Tojikiston” biznes xamkorligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda har ikki davlatda faoliyat olib borayotgan 200 dan ortiq firma va kompaniyalarning 500 turdan koʻproq yuqori sifatli eksportga chiqarilayotgan mahsulotlari namoyish etildi. Ikki davlatning biznesga koʻmaklashuvchi idoralari rahbarlari oʻzaro fikrlashdi, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning doʻst va birodar Oʻzbekistonga davlat tashrifi yanada samarali boʻlishi eʼtirof etildi va bu oʻz navbatida ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi pogʻonaga koʻtarishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi. Biz esa koʻrgazmada ishtirok etayotgan va oʻz mahsulotlarini namoyish etayotgan tadbirkorlarning soʻzlariga quloq tutdik.
– Prezidentimizning qardosh Oʻzbekistonga davlat tashrifi boʻladigan kunlarda “Siz ham Toshkentga borasiz,” deyishdi, rosti, behad quvondim. Chunki shuning oʻzi biz uchun eʼtirof, biznesni kengaytirish demakdir, — deydi 10-yildirki, Dushanbe shahrida oltin va kumushdan yuzdan ortiq turdagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarayotgan “Tajik kristall” firmasining rahbari Azizbek Mahmudov. – Ochigʻi bunday imkoniyat – Toshkentga kelish ilgari tushimizga ham kirmagan. Hatto 9-yil avval chegaradan oddiy fuqaro sifatida oʻtish ham mushkul edi. Bugun vaziyat butkul oʻzgargan. Nasib etsa, Toshkentda korxonamning maxsus doʻkonini ochmoqchiman.

– Tojikiston biz uchun katta bozor. Oʻtgan yil bu mamlakatga 10 mln. dollarlik mahsulot eksport qilganmiz. Joriy yildagi niyat bu raqamni ikki karra oshirish, –deydi “Primer elektroniks” kompaniyasining Tojikiston boʻyicha menedjeri Said Abdurahmonov. – Zavodimizda 5 xil turdagi yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqaryapmiz. Maishiy asbob-uskunalarni import qilish ham biznesimizning bir qismi. Lekin kelgusida toʻliq eksportni koʻzlayapmiz. Chunki ochigʻini aytsam, “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan tamgʻa bilan eksportni amalga oshirish oʻz yurtini jondan sevgan tadbirkor uchun eng katta mukofot, bu yurtni boy qilish degani.
Tojikistonning “Sandalye” mebel brendi, “Archa”, “LA^ AL textiles”, “CATN” nomi bilan tilga tushgan kompaniya va firmalar mahsulotlari koʻrgazma ishtirokchilarida qatta qiziqish oʻygʻotgan boʻlsa, Oʻzbekistonning “Uzavto”tizimidagi oʻnlab korxonalari, Jizzax akkumulyator zavodi, “Sapfir sanoat” firmasi va shunga oʻxshash faqat ichki bozorni emas, balki eksportni koʻzlayotgan tadbirkorlik subyektlari egalari qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarning yuqori pogʻonaga koʻtarilayotganini mamnunlik bilan qayd etishdi.
–Mehnatu shijoatdan qachon rohat topasiz, tinchlik va osoyishtalik ustuvoru qoʻshnilar bilan ahil boʻlsangiz.Biz bugun qardoshlarimizga “Xush omaded, mehmoni aziz”, dedik. Mehmonlarni quchoq ochib kutib oldik. Ayni paytda qoʻlni qoʻlga bergan holda yangi loyihalarni rejalashtiryapmiz. Bu borada bizni har ikki mamlakatda ham davlatning oʻzi qoʻllaydi. Bunga aslo shubhamiz yoʻq, – deydi toshkentlik tadbirkor Saidmuxtor Saidnuriddinov.
Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring