Bizga qanday turizm kerak?
Kuni kecha davlatimiz rahbari huzuridagi majlisda masalaga hozirgi shart-sharoit va mavjud potensialimizdan kelib chiqib, toʻgʻri yondashildi, umumiy va mubham gaplardan qochib, konkret vazifalar qoʻyildi.
Ha, mamlakatimizda turizm rivojlanyapti, ha, juda katta mablagʻ sarflandi, ha, sayyohlarga bugun maqbul inftratuzilma va tanlov imkoniyati bera olamiz. Eng muhimi, mehmondoʻst va odamoxun, samimiy xalqimiz, milliy mentalitetimiz imkoniyatlarni karrasiga oshiradi. Iqtisodiyotimizning drayveri boʻlishi mumkin, agar soha zoʻr ishlasa.
Ochigʻi, zoʻr turistik salohiyatga ega Toshkent viloyatidan saylangan deputatlardan biri sifatida, tabiiyki, u yerda turizm istiqboli uchun bajarilayotgan ishlarni diqqat bilan kuzataman, sharoitlarni bilaman. Davlat sobitqadamlik bilan dam olish, hordiq chiqarish, ekoturizm singari jabhalarda xizmat koʻrsatib kelayotgan subyektlarni muayyan tartibga, dangal aytgnada, umumeʼtirof etilgan etiketga oʻrgatdi.
Toʻgʻri, bu borada ishlar hali davom ettirilishi kerak, eng yaxshi, arzon va qulay sharoitlarni, avvalo, ichki turistlarga taqdim etishimiz shart.
Saylovchilardan “Bu pulga chet elga borsa boʻlardi” degan gapni bot-bot eshitganimda, demak, oldinda hali qiladigan ishlarimiz koʻpligini yana bir bor his qilaman. Shunday loyihalarni ishga tushirishimiz kerakki, sayyoh sarflagan mablagʻi va vaqtiga achinmasin.
Yigʻilishda toʻgʻri taʼkidlandi: “Turistlarni faol jalb qiladigan joylar haqida kontent kam, bori ham qiziqarli emas, sayyohlarni 4-5 kun olib qoladigan turpaketlar yetishmaydi”. Turizm 90 foiz muvafaqqiyatli PR tufayli rivojlanadi. Bizga Boʻstonliqning koʻringan kunjagida “Dachalar bor, dachalar”, deb turadigan oʻrtakashlar emas, yangi gʻoyalar, kreativ xodlar kerak edi va bu haqiqat bugun dangal aytildi.
Odiljon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring