Biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yoʻq qildik — Shavkat Mirziyoyev

03:27 01 Oktyabr 2020 Siyosat
2258 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida gazeta va jurnallar haqida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

"Muallim va oʻqituvchilarning bilimi va malakasini oshirish haqida gapirganda, bugun jamiyatimizda dolzarb boʻlib turgan yana bir masalaga toʻxtalib oʻtish zarur, deb oʻylayman.

Aytingchi, oʻqituvchi oʻz ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qoʻshimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qoʻllanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi.

Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yoʻq qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning oʻqituvchi va domlalari oʻzlari uchun zarur boʻlgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta oʻqimasligi bilan maqtanadigan boʻldilar.

Oʻzingiz bilasiz, dunyoda kompyuter texnologiyalari eng rivojlangan davlatlardan biri bu – Yaponiyadir. Lekin ushbu mamlakatda kuniga 3-4 million nusxada nashr etiladigan gazetalar borligiga nima deysiz? Aytmoqchimanki, hayotimizda radio-televideniye, Internet bilan birga bosma nashrlarning ham oʻz oʻrni bor.

Bugungi kunda bosma nashrlarni taʼlim muassasalariga, oʻqituvchi-professorlarga yetkazib berish ham jiddiy muammoga aylangan. Chunki bu borada matbuot tarqatish va pochta tizimining faoliyati mutlaqo talabga javob bermaydi.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda bosma matbuot nashrlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xususan, maktab va oliygohlarni pedagogik faoliyat uchun zarur nashrlar bilan taʼminlash, ularning kutubxonalarini oʻquv va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va amalga oshirsin", deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер