“Biz bor joyda jinoyat yoʻq — biz bor joylar xavfsiz hudud”
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda butun mamlakatimiz boʻylab yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Talabalar festivali” start oldi. Loyiha doirasida turli taʼlim muassasalarida uchrashuvlar, mahorat darslari va oʻquv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Qayd etish joizki, festivalning asosiy maqsadi yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, madaniy-ilmiy almashinuvni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsiyalarni keng ommalashtirish, shuningdek, liderlik hamda tashabbuskorlikni ragʻbatlantirishdir.

Shu maʼnoda, kuni kecha Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Milliy tadqiqot universitetida “Qalqon” jamoatchilik guruhi haqida yoshlarni xabardor qilish, guruh hisoboti bilan tanishishga qaratilgan “Biz bor joyda jinoyat yoʻq — biz bor joylar xavfsiz hudud” shiori ostida oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi. Unda tegishli davlat idora va tashkilotlari mutasaddilari, “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolari va talabalar jam boʻldi.
Maʼlumki, “Qalqon” — jamiyatga hissa qoʻshish maktabidir. Uch yildan buyon faoliyat olib borayotgan mazkur jamoatchilik guruhi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi yoshlar bilan hamkorlikda harbiy-jamoatchilik ishlarini amalga oshirish, bu orqali ularning iqtidorlarini namoyish qilish, talabalar orasida tinchlik va tartibni saqlash, mayda bezoriliklarning oldini olishdan iborat.

— Bu festival bir vaqtning oʻzida nafaqat oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar, balki talaba boʻlish istagidagi abituriyentlar uchun ham foydali, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilnoza Kattaxonova. — Chunki, mazkur festivalda oʻquvchi-yoshlar oliy oʻquv yurtlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar, ularning taqdimotlari bilan tanishish imkoniga ega boʻlishadi.
Seminarda “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati haqida talaba-yoshlarga keng tushunchalar berib oʻtildi, bu borada qator maʼruzalar tinglandi. Ayniqsa “Qalqon” bilan hamkorlikda amalga oshirilgan huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan ishlar natijalari haqida maʼlumotlar berilgani yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

— Jamoaga qoʻshilganimga bir yildan oshdi, — deydi “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzosi Farangiz Egamberdiyeva. — Biz jamoamiz bilan talabalar orasida turli huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar olib boramiz, shu yoʻnalishda turli oʻquv ishlari tashkil etamiz va tengdoshlarimizga toʻgʻri yoʻnalish koʻrsatishga harakat qilamiz.
Tadbir davomida qatnashchilar eʼtiboriga Mudofaa vazirligining madaniy dasturlari namoyish etildi. Bu yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat va zavq ulashdi. Yakunda esa “Talabalar festivali” doirasida tashkil etilgan “Qalqon” jamoatchilik guruhining bir guruh faol aʼzolarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring