Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!

16:42 11 Noyabr 2023 Jamiyat
572 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻonada oʻtkazilgan “Maʼnaviyat marafoni” ana shunday nomlanib, viloyatning barcha shahar-tumanlarida katta tantana sifatida nishonlandi.

Davlatimiz rahbarining “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan ezgu tashabbusi asosida yurtimiz boʻylab ilk bor tashkil etilgan “Maʼnaviyat marafoni” Fargʻona viloyatida ham ishtirokchilarda unutilmas taassaurotlar qoldirdi.

Margʻilon shahridagi Ijodkorlar bogʻida oʻtkazilgan tantanali ochilish marosimida ijodkorlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, ziyolilar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

— Ayni yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda Prezidentimizning 2021-yil yil 26-mart kungi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim omil boʻlmoqda, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov. — Bugungi tadbirlarda Vatan, tinchlik va doʻstlikni tarannum etuvchi sheʼr-qoʻshiqlarni ijro etilishi qalbimizda yurtga sadoqat tuygʻularini joʻshtiradi. Ayniqsa, milliy liboslar namoyishi, uch avlod uchrashuvlari, kitoblar yarmarkasi, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi yosh avlodning ertangi kun istiqboli bilan bogʻliq orzulariga qanot baxsh etadi.

“Maʼnaviyat marafoni” davomida shahar-tumanlar boʻylab “Ajdodlar mardona ruhi bizga yor!”, “Oʻzbekiston – mening Vatanim!”, “Fazilatli avlod”, “Oila – maʼnaviyat qoʻrgʻoni”, “Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman”, “Milliy maqom sanʼati”, “Alpomishlar oʻtgan bu diyor!”, “Vatanim bayrogʻini baland koʻtaraman”, “Milliy qadriyatlar” kabi oʻndan ziyod loyihalar tashkil etildi.

Tadbirlar davomida Fargʻona tumanida Maʼnaviyat va maʼrifat maskani foydalanishga topshirildi. Muhtasham maskanda kutubxona, ijodkorlar xonasi tashkil etilgan boʻlsa, maqom, raqs, hunarmandchilik kabi toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Fargʻona shahrida joylashgan viloyat Teatr-konsert saroyida marafonning yakuniy tadbiri tashkil etilib, unda faol qatnashgan, oʻz iqtidorini namoyish etgan yoshlar vakillari, ziyolilar munosib taqdirlandi. Bir guruh maʼnaviyat-maʼrifat sohasi faollariga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

Taniqli sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qoʻshiqlar davraga xush kayfiyat baxsh etdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер