Bitiruvchilarga qoʻshimcha imkoniyat
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, oʻgʻil-qizlarga kasbiy taʼlim berish yoʻlga qoʻyilgan edi. Ahamiyatlisi, oʻquv-ishlab chiqish majmualarida oʻquvchilarga oʻzlari tanlagan kasb-hunar boʻyicha taʼlim berilib, joriy yilda ularga kasbiy tayyorgarlik boʻyicha diplomlar ham topshirildi.
Poytaxtimizdagi 9-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchilariga ham kasbiy taʼlim tugagach, egallagan kasb-hunarlari boʻyicha maxsus diplomlar taqdim etildi.
— Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziqqanim bois oʻquv-ishlab chiqarish majmuasida kompyuter injiniring yoʻnalishi boʻyicha taʼlim oldim, — deydi maktab bitiruvchisi Parvina Yulchiyeva. — Eʼtiborga molik jihati shundaki, 11-sinfni tamomlab, attestatsiya bilan birga, oʻzim yoqtirgan mutaxassisligim boʻyicha diplomli ham boʻldim. Avvallari qizlar 11-sinfni tugatgach, oliy oʻquv yurtiga kirolmasa, biror hunarni egallashi uchun 2-3 yil davomida oʻqishi zarur edi. Endi esa qoʻlimizdagi diplom bilan ishga joylashish imkoniga ega ekanligimiz nafaqat bizlarni, balki oila aʼzolarimizni ham behad quvontirmoqda.
Aytish joizki, 2018/2019 oʻquv yilida 1748 ta oʻquv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilib, 279 mingdan ziyod bitiruvchilarga 51 kasb-hunar boʻyicha diplomlar topshirildi.
“Xalq soʻzi“.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring