Bishkek “COVID-19”ning uchinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrmoqda

18:22 09 Aprel 2021 Dunyo
1810 0

Bishkek koronavirus bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat yana-da yomonlashishi holatida tayyorlanmoqda.

Bu haqda Bishkek shahar hokimligi sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Baqtigul Ismoilova aytib oʻtdi .

Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda poytaxtda 15 ta koʻchma brigada ishlamoqda. Agar zarurat boʻlsa, ularning soni 20 taga yetkaziladi.

“118 raqamli aloqa markazida toʻrtta yoʻnalish mavjud boʻlib, u tunu kun ishlashga oʻtkazildi. «Qirgʻiztelekom” bilan sakkizta yoʻnalishgacha oshirish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Agar vaziyat yomonlashsa, shahar sogʻliqni saqlash boʻlimida yana oltita zaxira liniya bor», deydi B. Ismoilova.

Bemorlarni joylashtirish uchun yana qoʻshimcha 545 ta joy hozirlangan.

B. Ismoilova fuqarolarni niqob kiyishga, odamlar gavjum joylarga bormaslikka, masofani saqlashga va sanitariya qoidalariga amal qilishga, uy karantinida boʻlgan odamlarni ikki hafta davomida oʻzini izolyatsiyada tutib turishga chaqirdi.

“Biz ularni kuzatyapmiz. Ammo biz 24 soat davomida nazorat qila olmaymiz. Sogʻliqni saqlash vazirligi mobil ilovani ishga tushirish masalasini hal qilmoqda. U orqali odamlarni kuzatish imkoniyati yaratiladi. Oʻtgan yili undan foydalanilgan edi. Respublika shtabi boshligʻi ilovani yana qayta ishga tushirish boʻyicha topshiriq berdi”, deydi B. Ismoilova.

Shuningdek, u ota-onalarni voyaga yetmagan bolalarini nazorat qilishga, keksa odamlar va surunkali kasalliklarga chalinganlarni himoya qilishga chaqirgan.

Joriy yilning 9-aprelida Qirgʻizistonda yana 151ta yangi holat aniqlandi. Shulardan 74 tasi Bishkek shahrida qayd etilgan.

Pandemiya boshidan beri Qirgʻizistonda 89 660 kishida koronavirus aniqlangan. 1516 kishi ushbu infeksiya asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер