Bir saylovchi — bir ovozga ega
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni munosabati bilan mamlakatimiz hududida tuzilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari qizgʻin davom etmoqda.
Saylov kodeksiga muvofiq, ovoz berish ertalabki soat 08:00 dan boshlandi va kechki soat 20:00 gacha davom etadi.
Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan 20:00 gacha oʻtkaziladi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq yurtimiz fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar.
Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
Saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring