Bir maktabdan 8 ta oltin medal
Buxoro shahridagi 2 – umumtaʼlim maktabi bitiruvchilarining 8 nafari oʻqishni oltin medal bilan tugatishga muvaffaq boʻldi.
- Ustozlarimiz, ota – onamiz ishonchini oqlaganimizdan juda xursandmiz, - deydi ularning biri Javohir Boboqulov. - Yon – atrofingdagilarning senga havas bilan boqishayotganini koʻrish, his etish yoqimli, albatta. Lekin biz muallimlarimiz taʼkidlashgani kabi, yoʻl boshida turibmiz. Nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsilni davom ettirib, malakali kadr boʻlib yetishamiz. Yurtimiz ravnaqiga oʻz hissamizni qoʻshamiz.
Javohir bu soʻzlarni maktabni aʼlo baholarda tugatgan oʻquvchilar bilan uchrashuv chogʻida aytdi. Viloyat Yoshlar markazida tashkil etilgan tadbirda tengqurlariga har tomonlama oʻrnak boʻlgan oʻgʻil – qizlarga oltin va kumush medallar tantanali tarzda topshirildi. Ular shuningdek, viloyat hokimligining esdalik sovgʻalari bilan ham taqdirlandilar.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, bu yil viloyatdagi 528 ta umumtaʼlim maktabi 11 – sinfini 16 ming 950 nafar oʻquvchi bitirdi. Ularning 144 nafari oltin, 151 nafari kumush medalga sazovor boʻldi.
Tadbirda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev ishtirok etdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring