Bir daryodan suv ichgan ikki xalq
Foto: “Xalq soʻzi”
Geografik jihatdan Qirgʻiziston bilan qoʻshni boʻlgan Namangan viloyatida 20 mingdan ortiq qirgʻiz millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Yangiqoʻrgʻon, Chortoq, Uchqoʻrgʻon tumanlaridagi qishloqlarda turmush kechirishadi.
Bir daryodan suv ichgan ikki xalqning urf-odat va anʼanalari ham uygʻunlashib ketganki, toʻy-toʻychiq va bayramlarimiz bir-birimizsiz oʻtmaydi. Xalq ichida obroʻ –eʼtibor topgan millatdoshlarimiz shavkati oʻzbek diyoridagi bagʻrikenglik, farzandlarimizning mustahkam bilim olishlari, emin-erkin mehnat qilib, oʻz iqtidorlarini namoyish etishlari uchun katta imkoniyat yaratilganidan juda mamnunmiz. Masalan, Yangiqoʻrgʻonning Poromon qishlogʻida yashab oʻtgan sermahsul shoir Robiddin Isʼhoqov sulolasini butun viloyat ahli yaxshi taniydi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Ozoda Begimqulova, qoʻli yengil jarroh Abzalbek Savayev va boshqa bir qator yurtdoshlarimiz bilan ham haqli ravishda faxrlanamiz.
Bugun viloyatda qirgʻiz tilidagi taʼlimga asoslangan uchta maktab faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda oʻgʻil-qizlarimiz oʻzbek tili bilan birga oʻz ona tili va adabiyotini chuqur oʻzlashtirishmoqda. Madaniy hayotimizda ham milliylik mujassam. Bunday anjumanlarning viloyat markazidagi Doʻstlik uyida, turli millat vakillari jamuljam holda oʻtkazilayotganidan bir-birimizga mehrimiz tovlanadi.
Binobarin, qondosh va jondosh ikki xalqning inoqligi, maqsadlarimiz mushtarakligi, aytish joizki, joylarda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar rivoji, Namangan viloyati, jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqida muhim oʻrin tutayotganini har bir millatdoshimiz qalban his etib yashayotganining oʻzi katta baxt.
Nodira MIRZAOLIMOVA,
Namangan viloyati qirgʻiz milliy madaniy markazi rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring