Bir boʻgʻcha kitob

12:06 20 Dekabr 2021 Jamiyat
1094 0

U besh yoshda otasidan, 17 yoshda onasidan ajrab qoldi. 1939-yilda oʻqituvchilar tayyorlash bilim yurtini tugatib, maktabga ishga kirdi. Omonat bir hujrada yashadi. Uylandi.

Shundan soʻng kelin-kuyov boshpana vajidan qaynotanikiga koʻchib oʻtdi. Yigit maktab qorovulidan hujrada qolgan kitobu gazeta jurnallarni yangi manziliga eltib berishni iltimos qildi.

U oʻquvchilarga saboq berayotgan pallada maktab qorovuli kitoblarni boʻgʻchaga solib yoʻlga tushar, uy egalariga “Kuyovingizning buyumini keltirdim”, derdi. Boʻgʻchani koʻrgan kelinning keksayib qolgan sodda ota – onasi avvaliga “Kuyovimiz yetim oʻsganiga qaramay, roʻzgʻorbop ancha-muncha narsa toʻplagan ekan”, deb suyunishar, ammo boʻgʻchadagi kitobu gazetani koʻrib, taajjublanardi. Bu hol besh-olti kuncha davom etdi. Nihoyat hujra boʻshadi.

Kitobu gazetaga shu qadar mehr qoʻygan bu yigit esa mutolaadan boʻshamadi. Pirovardida kam ham boʻlmadi. U keyinchalik mashhur olim, professor Ye. E. Bertels, taniqli adib Oybek, akademik Vohid Abdullayev kabi zukko insonlar nazariga tushdi. Mirzo Bobur sheʼriyati, oʻzbek dramaturgiyasiga oid qator tadqiqotlar qildi. Koʻplab shogirdlar tayyorladi. Turmush oʻrtogʻi bilan boshqalar ibrat olsa arzigulik mazmunli umr kechirdi. Oʻzidan yaxshi nom qoldirib ketdi.

Bir paytlar boʻgʻcha-boʻgʻcha kitob bilan qaynotasinikiga koʻchib kelgan oʻsha yigit Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU) professori, filologiya fanlari doktori Saidjon Aliyev edi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер