Bir ariza bilan oltita xizmat bitadi

10:44 09 Sentyabr 2020 Jamiyat
929 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning 1-sentyabridan boshlab tugʻilish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi barcha FHDYOlarda joriy etiladi. Sinov tariqasida Namangan viloyatida amalga oshirila boshlagan ushbu yangilikdan ming nafardan ortiq fuqaro foydalanishga ham ulgurdi.

Bir vaqtning oʻzida bir necha xizmatlardan foydalanish imkonini taqdim qilinishi koʻpchilikni mamnun etmoqda. Chunki bu bilan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimiga bir marta murojaat qilib, 6 ta xizmatdan foydalansa boʻladi. Endilikda yangi tugʻilgan chaqaloqqa bir vaqtning oʻzida shifoxonadan tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma olish, FHDYO organida tugʻilganlikni qayd etish, poliklinikaga hisobga qoʻyish, bir martalik nafaqa pulini olish, yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish, bolani davlat bogʻchasiga navbatga qoʻyish elektron tartibda amalga oshiriladi. Avvallari ushbu davlat xizmatlaridan foydalanish uchun kamida 6 ta davlat idorasiga 15 tadan ortiq hujjat va maʼlumotlar topshirilar edi. Hozirga kelib ayni jarayonlar nari borsa 20 daqiqada hal etilmoqda. Masalan, yangiqoʻrgʻonlik Ubaydullo Rahmonov farzandi tugʻilganidan soʻng qisqa fursat ichida bir yoʻla 6 ta xizmatdan foydalandi.

Yangi tartibga koʻra, birgina FHDYO organiga borib, soʻrovnoma toʻldirishning oʻzi yetarli. Mazkur idora tugʻilganlik holatini qayd etadi va boshqa davlat xizmatlaridan kompleks tarzda foydalanishni taʼminlaydi. Bunda, barcha harakatlar elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Ushbu davlat xizmatlarini kompleks tarzda koʻrsatish real vaqt rejimida, faqatgina FHDYO organining oʻzida koʻrsatiladi. Har bir davlat xizmati natijasi boʻyicha fuqarolarga SMS-xabar berib boriladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер