Bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy boʻladi

00:50 11 Yanvar 2024 Jamiyat
824 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.

Seminarda mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati, unda aks ettirilayotgan yangi normalar va tadbirkorlik hamda fuqarolar uchun yaratilayotgan yengilliklar xususida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanishicha, amaldagi “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan bir qator qoidalar eskirgan va bugungi kun talabiga javob bermaydi. Jumladan, mavjud tartibga solish mexanizmlari va atamalar oʻz ahamiyatini yoʻqotgani sababli amaliyotda notoʻgʻri talqin qilish holatlari va sohaning rivojlanishiga toʻsiqlar paydo boʻlmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, qonun loyihasiga koʻra endi bank, toʻlov tizimi, toʻlov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni koʻrsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Seminar davomida qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollar oʻrtaga tashlandi. Loyihada nazarda tutilgan telekommunikatsiyalar sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi vakolatlarini aniq belgilash, telekommunikatsiyalar sohasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik mexanizmini toʻgʻri belgilash va boshqa shu kabilar shular jumlasidan.

Shu bilan birga, loyiha bilan amaldagi “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oldin mavjud boʻlmagan qator yangi normalar kiritilmoqda. Jumladan, asosiy atamalar xalqaro normalarga muvofiqlashtirilmoqda, operator va provayderlarning oʻzaro tarmoq xizmatlarini aholiga koʻrsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlaridan farqlash mezonlari kiritilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovini hamda sifatini oshirishga, Internetdan foydalanish imkoniyatining kengayishi esa aholining davlat xizmatlaridan faol foydalanishlari, elektron tijoratni amalga oshirishlari, oʻzlari uchun zarur boʻlgan axborotni izlashlari, olishlari va tarqatishlari singari konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Seminarda soʻz olgan quyi palata deputati Shuxrat Sharofutdinov qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soʻz yuritar ekan, u bilan soha uchun masʼul organlar belgilanib, ularning vakolatlari oʻzaro taqsimlangan holda, vazifalari aniq belgilab berilayotganini qayd etib oʻtdi.

Muhokamalar chogʻida qonun loyihasi bilan bogʻliq savollarga vazirlik va idoralar mutaxassislaridan asoslantirilgan javoblar olindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер