Bilib qoʻyki, seni Vatan kutadi
Foto: Xalq so‘zi
Navoiy davlat pedagogika institutini joriy yilda 2 ming 29 nafar talaba muvaffaqiyatli yakunlab, 20 yoʻnalish boʻyicha bakalavr, 210 nafari esa 17 yoʻnalish boʻyicha magistr darajasidagi mutaxassislikka ega boʻldi. Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov institutning bitiruvchi yoshlari bilan uchrashib, shu bahona taʼlim dargohida yaratilgan sharoit, oʻquv jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlari va talabalarning ijodiy qobiliyat va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishlari uchun olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, respublika va xalqaro musobaqalar sovrindorlari, “Besh tashabbus olimpiadasi” ishtirokchilari, ularning ustozlari bilan suhbatlashildi. Viloyat rahbari institut qoshidagi “Inkubatsiya va akseleratsiya” markazida ham oʻqib, ham ishlayotgan talabalar bilan muloqot qildi, ularning startap loyihalari bilan qiziqdi.

Uchrashuvlar jarayonida institut rektori Bahodir Sobirov bitiruvchilarni ishga joylashtirish yuzasidan tuzilgan shartnomalar xususida maʼlumot berdi.
— Bugun diplom olgan talaba-yoshlarimizning 635 nafari, yaʼni 31 foizi ishga joylashtirilib, shundan 151 nafari, yaʼni 24 foizi umumtaʼlim maktablarida oʻz mutaxassisliklari boʻyicha faoliyat olib boradi, — deydi B. Sobirov. — Shuningdek, magistrlik darajasini olgan talabalarimizning barchasi ishga joylashtirilib, ularning 23 nafari ilmiy izlanishlarini nihoyasiga yetkazish maqsadida institutimizda oʻz faoliyatini davom ettirishadi. Quvonarlisi, bitiruvchi yoshlarimizning oʻnga yaqini olis hududlarga borib, umumtaʼlim maktablarida ishlash niyatini bildirdi. Ular mamlakatimiz rahbari qarori asosida joriy etilgan bir qator imtiyozlardan foydalanishadi.
Uchrashuvda bitiruvchi talabalarning ota-onalari ham ishtirok etib, oʻz munosabatlarini bildirdilar.
— Men yigirma sakkiz yil avval ushbu institutni bitirganman, — deydi xatirchilik Abduqahhor Shodiyev. — Yashirib nima qilaman, oʻshanda tanish-bilishni oʻrtaga solib, ishga joylashgan edim. Bugun, mana, qizim diplom va tayinli ish joyi bilan bagʻrimizga qaytmoqda. Bu mamlakatimizda yoshlar hayoti bevosita davlatimiz rahbari diqqat-eʼtiborida ekanligining ifodasidir.
Prezidentimizning 2017-yil 25-apreldagi “Navoiy viloyatining olis choʻl tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori Qizilqum kengliklaridagi Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlarida uzoq yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni samarali hal etish, mazkur hududlarni rivojlantirishdagi nomutanosibliklarga barham berish barobarida kadrlar taqchilligi va bandligini taʼminlashdek majmuaviy tadbirlarni qamrab olgan. Shu asosda viloyatning olis hududlaridagi tibbiyot va taʼlim muassasalarini mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli asosda qabul qilish joriy etilib, bugun birgina NDPIda 321 nafar yigit-qiz ushbu imkoniyatdan foydalanmoqda. Ularning 90 nafari taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlab oʻz ovullariga qaytishmoqda.
— Men institutimizning boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida mutaxassislikka ega boʻldim, — deydi Tomdi tumanidagi “Tomdibuloq” OFYda istiqomat qiluvchi Kundizoy Ibraimova. — Albatta, institutda olgan bilim va tajribam bilan ovulimizda boshlangʻich taʼlim sifatiga oʻz hissamni qoʻshaman. Taʼlimning ushbu bosqichi muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olsak, pirovardida umumtaʼlim sifatiga munosib ulush qoʻshamiz.
Uchrashuvda talabalar erishgan yutuqlari haqida soʻzlab, bir qator takliflarni ilgari surishdi. Xususan, xorijiy tillarni ommalashtirish, hududiy bandlik bozori ehtiyojlarini prognozlash, oʻquv va ilmiy laboratoriya bazalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, sport-sogʻlomlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha oʻz fikrlarini bayon etdilar.
Talabalarning “Hokim soati” darslarini tashkil etish taklifi viloyat rahbari tomonidan maʼqullandi.
— Bugundan eʼtiboran siz talaba ham, bitiruvchi ham emas, balki salohiyatli mutaxassissizlar, - dedi Normat Tursunov. — Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotini taʼlim bilan bogʻlagan ekan, tabiiyki, bu niyat ijobatining oldingi safida boʻlasizlar. Shu maʼnoda nafaqat taʼlim, balki barcha islohotlarning natijadorligi bevosita sizning fidoyiligingiz va chinakam vatanparvarligingizga bogʻliq. Akademik shoir Gʻafur Gʻulom “Bilib qoʻyki, seni Vatan kutadi” deb aytganidek, Vatan endi sizlardan mehnat jasoratlarini kutadi.
Uchrashuvda viloyatda faoliyat yuritayotgan yetmishdan ortiq korxona va tashkilotlar rahbarlari yosh mutaxassislarga oʻz jamoasidagi boʻsh ish oʻrinlarini taklif etdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring