Beshariqda jahon andozalari darajasida faoliyat koʻrsatuvchi gulchilik maktabi tashkil etiladi
Beshariq tumanida gulchilik hududning iqtisodiy rivojlanish drayverlaridan biriga aylanib, keyingi yillarda oʻnlab mahallalarda ushbu sohaga ixtisoslashgan oilaviy tadbirkorlar safi kengayib bormoqda.
Bugun tumanda tajribali tadbirkor sifatida tanilgan Shuhratjon Xoʻjaqulov dastlab oʻz xonadonidagi moʻjazgina issiqxonada gul parvarishlashni yoʻlga qoʻygan edi. Oila aʼzolari birgalikda astoydil mehnat qilib, yildan yilga bir va koʻp yillik gullar yetishtirish koʻlamini oshirib bormoqda. Ayni paytda ushbu oila yiliga 100 xil turdan ortiq anvoyi gullar yetishtirib, gulchilik va koʻchatchilik sohasida oʻziga xos tajriba maktabi yaratdi.

Oʻtgan yili tumanning “Kulolobod” MFY hududida mohir gulchilar oilasi tashabbusi bilan 1 gektar yerda gulchilik plantatsiyasi tashkil etildi. Shu tariqa 50 sotix yerda zamonaviy issiqxona barpo etilib, katta yoʻl boʻyida gullar savdosi ham yoʻlga qoʻyildi. Hozirda mazkur oila yetishtirayotgan gullar mamlakatimiz boʻylab, qoʻshni Tojikistonga ham yetkazib berilmoqda.
Eʼtiborlisi, shu yerning oʻzida qiziquvchilar uchun gulzor oralab maroqli sayohat uyushtirish imkoniyati ham yaratildi. Bu yangilik ekoturizm ishqibozlari uchun juda ham manzur boʻlayotir. Ayniqsa, bahor va yoz faslida moʻjazgina ekoturizm manzili poytaxt Toshkent, Fargʻona vodiysi viloyatlari hamda qoʻshni mamlakatlardan keluvchi goʻzallik shaydolari bilan gavjum boʻladi.

— Gullar bola qalbi kabi nozik boʻlgani uchun shamol va yomgʻirda, havo sovib ketganda doimo ularning yonida turishga harakat qilaman, — deydi xonadon bekasi. — Shu bois gulchilikka qiziqqan insonning qalbi ham goʻzal, nafis va nazokatli tuygʻular bilan limmo-lim boʻlishi zarur.
Shuningdek, gulchilikda yaxshi niyat bilan mehnat qilgan odam aslo kam boʻlmaydi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida oilamiz gulchilik sohasida qariyb 700 million soʻm daromadga ega boʻldi.

Shuhratjon Xoʻjaqulovning maʼlum qilishicha, yaqin istiqbolda Osiyo va Yevropa qitʼasi mamlakatlaridan jahon bozorida xaridorgir noyob gul urugʻi, koʻchatlarini olib kelish harakatini boshlagan. Shu maqsadda ilmiy-amaliy tajribalar oʻtkazishga moʻljallangan ixchamgina issiqxona bunyod etiladi.
Oʻz navbatida hamisha yangilikka intilib, ish faoliyatida innovatsiya gʻoyalari va ilgʻor agrotexnologiyalardan unumli foydalanib kelayotgan tadbirkor Beshariq tumanida jahon andozalari darajasida faoliyat koʻrsatuvchi “Gulchilik maktabi” tashkil etishni ham rejalashtirmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring