Berlingacha borib, omon qaytgan Anorqul ota

22:36 08 May 2020 Jamiyat
1911 0

Arxiv surat

Piskent tumanidan Ikkinchi jahon urushiga chaqirilgan Anorqul Hotamov Berlingacha borib, sogʻ-omon qaytgan yurtdoshlarimizdan biri. Ha, Anorqul otaga shunday baxt nasib qildi. Yaratganga shukr, toʻrt yil qonli janglarda qatnashib, eson-omon oʻz Vataniga qaytib kelgan insonlardan.

“Xalq so`zi ONLINE”

– Urushga chaqirilganimda endi 20 yoshda edim, – deydi Anorqul ota. – Ot minishni yaxshi koʻrardim. Menga oʻxshagan yigitlardan 200 nafarini tanlab, har birimizga bittadan ulov berishdi. Otliq askarlar diviziyasi kabi shugʻullana boshladik. 1941-yilning dekabrida Chimkentga bordik. U yerdan Voroshilovgrad shahriga yuborishdi. Soʻngra Ukrainaning Donesk shahriga, Belorussiyaga joʻnatishdi. Besh oylik qayta harbiy tayyorgarlikdan soʻng, 2-Belorussiya frontining 33-tank brigadasida jangga kirdik.

Maʼlumki, Ikkinchi jahon urushida marshal K. Rokossovskiy qoʻmondonligidagi 2-Belorussiya fronti tub oʻzgarishlar davrini boshlab bergandi. Oddiy askar A.Hotamov va u bilan urushda qatnashgan yuzlab oʻzbek yigitlari bu nufuzli harbiy qismda urushning soʻnggi kunlarigacha jasorat koʻrsatishdi.

Anorqul ota xizmat qilayotgan dviziyaning shtabi 1942-yilning iyun oylarida Belorussiya oʻrmonlarida joylashadi. Kutilmaganda dushmanning havo hujumiga uchrab, koʻpchilik halok boʻladi. Keyin orqaga chekina boshlashadi, lekin dushmanning zarbalari tobora kuchayaveradi. Har kuni yuzlab kishilar halok boʻlardi. Anorqul otaning dviziyasi katta talafot koʻrib, ichkariga chekinardi. Qahraton qish kirganligi bois, butun frontda mashaqqatli kunlar boshlandi.

Okoplarda jangchilar ustidan oʻqlar vizillab uchardi. Bir zumga boʻlsada, koʻzni yumib ham boʻlmasdi.Kechayu kunduz shunday ahvol. Bugun yoningda boʻlgan safdoshing ertaga boʻlmasligi mumkin. Qorin toʻyib non yeyish, birpas mizgʻib olish xayoldagi orzu edi. Faqat bir necha kundan keyingina butun front boʻylab dushmanga qarshi hujumga oʻtildi. Xayriyat oldinga qarab yurish boshlandi. Belorussiya va Ukraina yerlari, Boltiqboʻyi respublikalari nemis bosqinchilaridan ozod qilindi. Anorqul ota dviziyasi Polsha va Chexoslovakiyadagi janglarda ham ishtirok etdi. Nemis armiyasi butun front boʻylab chekina boshladi. Urush harakatlari Germaniya hududiga oʻtdi.

“Xalq so`zi ONLINE”

1945-yilning bahor oylarida Berlinni egallash uchun hujum boshlandi. Shiddatli janglardan keyin may oyining boshida Berlin zabt etildi. Nemislar tomonidan oq bayroq koʻtarildi...

Hamma joyda bayram boʻlib ketdi. Barcha bir-birini tabriklagan, axir gʻalaba nashidasi qoʻlga kiritildi.Hamma oʻzining qurollari bilan osmonga oʻq uzishardi. Askar Anorqul Hotamov ham ana shunday unutilmas lahzalarda bevosita ishtirok etish baxtiga muyassar boʻlgandi.

Anorqul ota urushdagi jasorati tufayli II darajali “Ulugʻ Vatan urushi” ordeni, “Berlinni zabt etganligi uchun”, “Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun”, “Jasorati uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun” va boshqa oʻnlab medallar bilan taqdirlandi.

Urushdan keyin Anorqul Hotamov oʻzining qadrdon qishlogʻi – Piskent tumanidagi Chimqoʻrgʻon mahallasiga qaytgach, haydovchilik kasbini tanladi. Bir umr shu sohada halol mehnat qildi. Hozir u kishining yoshi yuzga yaqinlashib qolgan boʻlsada, dadil va tetik boʻlib, nafaqat oila aʼzolari, balki mahalladoshlari va huzuriga tashrif buyurganlarga urush taassurotlarini gapirib berishdan charchamaydi. Qoʻli doimo duoda, Yaratgandan yurtimiz tinchligi, xalqimiz omonligini soʻraydi.

Hayotidan nolimaydi. Umr yoʻldoshi bilan yetti oʻgʻil va ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Bugun urush qatnashchisi farzandlari, nabira, chevarayu evaralar qurshovida baxtli hayot kechirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер