Begona raqamga qaytib qoʻngʻiroq qilmang, pulingizdan ayrilasiz!
«Oʻzkomnazorat» davlat inspeksiyasi koronavirus pandemiyasi davrida mobil aloqa operatorlarining abonentlariga nisbatan firibgarlik yoʻli bilan hisob raqamidan pulni yechib olish holatlari uchragani va kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.
Inspeksiyaning axborot xizmati maʼlum qilishicha, «Vangiri» nomli xorij raqamidan qoʻngʻiroqni amalga oshirib, abonent ushbu raqamga qaytib qoʻngʻiroq qilganidan keyin uning hisobidan katta miqdordagi mablagʻni yechib olish holatlari kuzatilgan.
Firibgarlar abonentga telefon qilib, unga javob berilmasidan ilgari aloqani uzib qoʻyadi. Muayyan odamlar esa xorijdan qilingan va oʻtkazib yuborilgan begona raqamga qaytib qoʻngʻiroq qilishi oqibatida ularning hisobidan katta miqdordagi mablagʻ yechib olinadi.
Shuningdek, mobil aloqa operatorlardan olingan maʼlumotlarga koʻra karantin davrida plastik kartalarni elektron tizimlar orqali boshqarilishida uchragan shubhali harakatlar monitoring qilinib, firibgarlikning oldini olish borasida tegishli choralar koʻrilmoqda.
«Oʻzkomnazorat» davlat inspeksiyasi bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun begona raqamdan, xorijdan qoʻngʻiroq boʻlgan va u oʻtkazib yuborilgan boʻlsa raqamni qaytib termaslik, plastik karta raqami, pasport seriyasi va boshqa shaxsiy maʼlumotlarni begonalarga oshkor qilmaslik, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslikni tavsiya qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring