Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament rolini oshirishda BMT TD bilan hamkorlik masalalari muhokama etildi

19:17 05 Noyabr 2020 Siyosat
1118 0

2020-yil 3-noyabr kuni BMT Taraqqiyot dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Islohotlarni va milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini samarali amalga oshirishni taʼminlashda parlament rolini oshirish” nomli yangi hamkorlikdagi loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan onlayn majlis boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Narbayeva, Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori Elchi Jon MakGregor va boshqa rasmiylar ishtirok etdilar.

Taʼkidlanganidek, butun dunyoda parlamentlar barqaror rivojlanish maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirilishini nazorat qilishda tobora muhim oʻrin tutmoqda. Shu jihatdan muloqotda BMT tuzilmalari mazkur yoʻnalishda Oliy Majlis Senati qoʻmitalari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgani alohida qayd etildi. Barqaror rivojlanish sohasidagi islohotlarning samaradorligi va hisobdorligini taʼminlash boʻyicha institutsional salohiyatni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, bu sohadagi qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirishga qaratilgan yangi loyiha ham mazkur yoʻnalishdagi muhim qadam boʻladi.

Majlisda Oʻzbekiston parlamenti faoliyatining kuchaytirilishi islohotlar jarayonida integratsiyalashuv va jamiyat hamjihatligi hamda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanishining muhim omiliga aylanishiga urgʻu berildi.

Loyiha doirasida qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Maxsus metodologiyadan foydalangan holda parlament aʼzolari uchun qator treninglar oʻtkazish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini targʻib qilish va amalga oshirilishini monitoring qilish uchun institutsional salohiyatni oshirish, shuningdek BRMga erishish boʻyicha parlament harakatlar rejasini tayyorlash shular jumlasidandir.

Majlis davomida yangi qoʻshma loyiha 2017-2021-yillarga moʻljallangan milliy rivojlanish strategiyasining ustuvor yoʻnalishlariga mos kelishi hamda BRM va milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yutuqlarni monitoring qilishda parlament rolini yana-da kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер