Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va ahamiyati qanday?
Oʻtgan yil aprel — sentyabr oylarida Barqaror rivojlanish markazi Fridrix Ebert jamgʻarmasi koʻmagida “Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish orqali jamiyatning Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida xabardorligini oshirish” mavzuida tadqiqot oʻtkazdi.
Tadqiqotga koʻra, fuqarolik jamiyati institutlarining: Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida aholining xabardorlik darajasini oshirish, milliy BRMlarni amalga oshirish, xususan, 16-BRM, yaʼni Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida tinchliksevar hamda ochiq jamiyatlar barpo etilishiga koʻmaklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni taʼminlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor hamda keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish, shuningdek, BRMga erishish borasidagi ixtiyoriy milliy hisobot va fuqarolik hisobotlarini tayyorlashdagi ishtirokini oshirishga koʻmaklashish, bu borada tegishli tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Aytish joizki, mazkur tadqiqot davomida ayrim masalalarga, yaʼni:
— BRM va BRning milliy maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va hissasi qanday?
— Hukumat fuqarolik jamiyati institutlarining Milliy BRMning maqsadlariga erishishdagi hissasini yanada oshirish uchun qanday saʼy-harakatlarni amalga oshirishi kerak?
— Fuqarolik jamiyati institutlarining BRMga erishishga koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashning qanday samarali usullari mavjud va ular xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada amaliyotga tadbiq etilmoqdami?, degan savollarga yechim topishga harakat qildik.
Jahon tajribasi fuqarolik jamiyati institutlarining BMT Global “Kun tartibi — 2030” va BRM haqidagi xabardorligini oshirishga katta hissa qoʻshayotganlarini koʻrsatdi.
Barqaror rivojlanishning 17-maqsadi doirasida global sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, bunday sheriklikni mustahkamlash uchun fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish koʻzda tutilgan. Bugungi kunda BRM gʻoyalarini ilgari surishga ulkan hissa qoʻshayotgan fuqarolik jamiyati koalitsiyalari mavjud.
Fuqarolik jamiyatining BRM va ularni amalga oshirish choralari haqida, shu jumladan barcha tegishli tillar va mavjud formatlarda maʼlumotlarni olishni taʼminlash orqali jamoatchilik xabardorligini oshirishi muhimdir. Maslahatlar va ishtirok etishning boshqa imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar oʻz vaqtida va barcha manfaatdor tomonlar foydalanishi mumkin boʻlgan kanallar orqali taqdim etilishi kerak, bunda, albatta, marginallashgan aholi bilan ishlashga alohida eʼtibor beriladi.
BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining 1996-yil 25-sonli “Davlat ishlarini yuritish va ovoz berish huquqi haqidagi” va 2011-yil 34-sonli “Fikr erkinligi va ularni erkin ifoda etish haqidagi” umumiy tartibdagi mulohazalarida axborot olish huquqi — fikr va soʻz erkinligini ifoda etish huquqining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Zero axborotga ega boʻlmay turib, samarali faoliyat yuritish imkonsizligi qayd etilgan.
Inson huquqlari boʻyicha Kengashning fikr erkinligi va ularni erkin ifoda etish huquqini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish boʻyicha maxsus maʼruzachisi Devid Keyning fikricha, shunchaki axborot olish siyosatini targʻib qilish samarali natijalarni bermaydi. Bu davlat organlari ixtiyorida boʻlgan axborotlarni olish huquqi xalqaro huquqdan kelib chiqadigan qatʼiy va prinsipial siyosat boʻlishi kerak.
Xalqaro hamjamiyat “Kun tartibi — 2030”ni amalga oshirishni oʻz ichiga olgan davlat ishlarini olib borishda odamlarning inklyuziv va shaffof ishtirokini taʼminlashda global sheriklik, shu jumladan, fuqarolik jamiyati bilan keng hamkorlikni rivojlantirishning muhim rolini, shuningdek, manfaatdor tomonlar oʻz hissalarini qoʻshishlariga imkon beruvchi inklyuziv, xavfsiz va qulay sharoitlarni yaratish lozimligini tan oladi.
Shunday qilib, BRMga erishish va bu haqda aholi xabardorligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli asosan quyidagilardan iborat:
— jamoatchilik fikrini BRM maqsadlariga erishishga yoʻnaltirish, jamiyatda “inson huquqlari va barqaror rivojlanish madaniyatini” shakllantirish;
— BRMning mazmun mohiyatini aholiga tushuntirib berish, xususan, “yashil rivojlanish”, “bilim iqtisodiyoti”ning afzalliklari va ularga alternativa mavjud emasligini ifodalab berish;
— global va milliy BRMlarning hayotga tatbiq etilishi ustidan samarali jamoat nazorati oʻrnatish, ijtimoiy hamkorlikni kengaytirish va bu xaqda aholi xabardorligini oshirish.
Tadqiqotning asosiy xulosalari ham maʼlum. Birinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida BRMlarga erishish boʻyicha faollikning yetishmasligi. Buning sababi, avvalo, fuqarolik jamiyati institutlari (FJI) BRM haqidagi sifatli axborotga ehtiyoj his qilayotgani. NNTlarning axborotga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish uchun ularning BRMlar barcha jihatlari boʻyicha axborot va gʻoyalarni izlash, qabul qilish va tarqatish huquqlarini taʼminlovchi samarali mexanizm ishlab chiqish zarurligida koʻrinadi.
Soʻrovnomada ishtirok etgan har toʻrtinchi NNT (24,3 foiz) FJIning oʻzlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Shu sabab, ular bunday oʻzaro hamkorlik uchun BRM doirasidagi qandaydir platformaga muhtoj.
Ikkinchidan, BRMlarga erishish boʻyicha davlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur.
Tadqiqot natijasi, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari (65 foizdan ziyod) BRMlarni amalga oshirish boʻyicha vazirlik va idoralarning yoʻl xaritalari ijrosi haqidagi jarayondan bexabarlar. Bu, albatta, ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni kuchaytirish zarurligidan dalolat beradi.
Barqaror rivojlanish sohasida strategiya va dasturlarni ishlab chiqish va samarali amalga oshirishda FJIlarning faol ishtiroki (jalb etish) va faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga koʻproq eʼtibor qaratishi lozim.
Uchinchidan, FJIning BRMni amalga oshirish boʻyicha ixtiyoriy yoki fuqarolik sharhlarini tayyorlashda ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi namoyon boʻlyapti.
Soʻrovnoma natijalari respondentlarning 33,2 foizi “malakali kadrlar taqchilligi” hamda “moliyaviy resurslarning yetishmasligi” (30,2 foiz), BRMni amalga oshirish uchun ixtiyoriy yoki fuqarolik sharhlarini tayyorlashda FJIga “toʻsqinlik qiluvchi” asosiy omillar ekanini koʻrsatdi.
FJI xalqaro tuzilmalar, ularning texnik va grant yordamlarini BRMga erishishga jalb qilinishini muhim, deb bilishadi (26,82 foiz respondent). Oʻz navbatida, ushbu xalqaro tuzilmalarning ham yillik (choraklik) hisobotlari aniq maqsad, aniq raqamlar va ularga erishish boʻyicha indiaktorlar bilan bogʻlanishi kerak. Ushbu materiallar tuzilmalarning veb-saytlariga joylashtirilishi zarur.
Elyorjon SAMINOV,
Barqaror rivojlanish markazi direktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring