Baronessa Elison Satti: O’zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning amaliy natijalariga guvoh bo’layapmiz

00:48 05 Aprel 2018 Siyosat
2018 0
Foto: Dinara Chirkova /"Xalq so’zi"/

 
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi va Evrosiyo Global TB Caucus guruhi o’rinbosari, baronessa Elison Satti boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Mehmonlarga 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar, xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish hamda sog’liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish borasida ro’yobga chiqarilayotgan tizimli ishlar to’g’risida ma’lumot berildi.

So’nggi yarim yil mobaynida parlamentda amalga oshirilayotgan beqiyos o’zgarishlar, chunonchi, Oliy Majlis huzurida tashkil etilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, quyi palatadagi Fuqarolarning sog’lig’ini saqlash masalalari qo’mitasi, Oila va ayollar hamda Yoshlar masalalari bo’yicha komissiyalar faoliyati to’g’risida batafsil axborot taqdim etildi. Shu bilan birga, xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik qilish doirasida tuzilgan parlamentlararo guruhlar, rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar xususida ham qizg’in fikr almashildi.

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, baronessa Elison Satti samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O’zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatlarini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga egaligini, ikki davlat o’rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish lozimligini ta’kidladi.

Foto: Dinara Chirkova /"Xalq so’zi"/

— Bugun O’zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning amaliy natijalariga guvoh bo’layapmiz, — deydi Buyuk britaniyalik siyosatchi Elison Satti o’z so’zida. — Yurtingizga ikkinchi marotaba tashrifim davomida amin bo’ldimki, o’tgan qisqa vaqt ichida barcha sohada tub o’zgarishlar yuz bermoqda. Ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish, turli yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida ko’rilayotgan chora-tadbirlar, bu bo’yicha qabul qilinayotgan qonunlar, muhim davlat dasturlari e’tiborga molik. Maqsadimiz, ushbu yo’nalishda keng ko’lamli hamkorlikni yo’lga qo’yish, o’zaro tajriba almashish, fuqarolar sog’lig’ini ta’minlashda barcha imkoniyatni ishga solishdir. Albatta, bugungi tashrif ikki tomon uchun ham manfaatli bo’ladi.

Konstruktiv va do’stona ruhda o’tgan uchrashuvda parlamentlararo samarali hamkorlik o’rnatish, shuningdek, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko’rsatishni takomillashtirish bo’yicha tadbirlarni birgalikda tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Ziyoda ASHUROVA. /"Xalq so’zi"/

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер