Barcha yutuqlarim asosi Bosh qomusimizda mujassam
Men bulgʻusi huquqshunosman. Bevosita soham tufayli ham Konstitutsiyamizni tez-tez varaqlab turaman. Unda belgilab berilgan tamoyillar bugun har birimizning hayotimizda, turmush tarzimizda oʻz aksini topayotgani, bir soʻz bilan aytganda, yurtimizning tinchligi, taraqqiyoti, farovon hayotimiz, yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar, barcha-barchasining asosi Bosh qomusimizda mujassam ekanligiga amin boʻlaman.
Oʻz hayotim misolida aytay. Singlim va men juda yoshligimizda ota-onadan yetim qolganmiz. Qarindoshlarimiz qoʻlida katta boʻldik. Shu bilan bir qatorda, Vatanimizning ham bizga boʻlgan eʼtibori, gʻamxoʻrligini doimo his etib turdik. Bugun ham bu eʼtibor, bu gʻamxoʻrlik natijasida hayotda oʻz oʻrnimizni topib, ertangi yorugʻ kelajagimiz sari dadil odimlab bormoqdamiz.
2023-yilda davlatimizning biz kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun ajratilgan alohida imtiyozlari asosida men Toshkent davlat yuridik universitetiga, singlim Zuhra esa Qarshi davlat universitetiga oʻqishga kirdik. Ikkalamiz ham stipendiya olamiz, yotoqxonada bepul turamiz.
Yakunlanib borayotgan 2024-yil esa hayotimda yana bir oʻchmas iz qoldirdi. Davlatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga qaratayotgan yuksak eʼtibori, gʻamxoʻrligi natijasida menga Koson tumani markazidagi Yangi Oʻzbekiston massivida barpo etilgan zamonaviy uylardan 2 xonali xonadon barcha jihozlari bilan berildi.
Toʻgʻrisini aytsam, bu zamonaviy massivdan uy olish juda koʻp oilalarning orzusi ekani sir emas. Men esa davlatimiz, Prezidentimizning otalarcha gʻamxoʻrligi asosida mana shunday zamonaviy xonadon sohibiga aylandim.
Albatta, bularning hech biri bejiz emas. Chunki biz kabi yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun koʻmaklashish – bularning barchasi Bosh qomusimizda aniq belgilab qoʻyilibdi. Masalan, Konstitutsiyamizning 47-moddasini olaylik. Uning 4-bandida “Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonun bilan belgilanadi”, deyilgan. Shu tamoyil asosida bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi, dasturlar ishlab chiqildi. Ular asosida bugun ijtimoiy himoyaga muhtoj minglab oilalar, yigit-qizlar yangi uy-joylarga ega boʻlmoqda. Men ham ularning biri boʻlganimdan baxtiyorman.
Hasan JOMIRZAYEV,
Koson tumani, talaba
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring