Bankomat "ustomon"i

08:26 31 Mart 2021 Jamiyat
636 0

Bugun respublikamizning har bir hududida plastik kartadagi pulni naqdlashtirib beruvchi bankomatlarni uchratish mumkin. Ular yordamida hisobimizdagi pul mablagʻini sanoqli daqiqalarda qogʻoz pulga aylantirish imkoni mavjud. Buning uchun amaldagi tartiblarni bilsangiz kifoya. Aks holda firibgarlar pulingizni oʻzlashtirib olishi hyech gap emas.

Andijon shahrida yashovchi fuqaro ham ushbu vositada mijozlarni laqqa tushirishning yoʻlini topdi. Buning uchun sodda, ishonuvchan va tabiiyki, pulni naqdlashtirish tartibidan bexabar odam boʻlsa kifoya. Bu gal ham u tekin luqma ilinjida Andijon shahridagi ana shunday vosita yonida paydo boʻldi. Mijozlar orasida uning yordamiga muhtojlar ham topildi. Unga plastik kartasidagi pulini naqdlashtirib berishni soʻragan ayolning plastigini olib, uning parolini soʻradi. Soʻngra yonida mavjud boʻlgan, amal qilish muddati tugagan kartani bankomatga joyladi. Bunday paytda bankomat plastik kartani tashqariga qaytarmaydi. Mavjud holatdan foydalangan firibgar ayolni bankka murojaat qilib, plastik kartasini talab qilishlarini uqtirdi. Sodda mijoz bank tomon yoʻl olgach, fuqaro uning haqiqiy plastigini bankomatga joylab, ayol aytgan parol boʻyicha mavjud mablagʻni naqdlashtirib oldi. Ana endi ayolning ishonchiga kirish uchun bu plastik kartani ham bankomatga joylashtirish kerak. Buning ham yoʻli oson. Uch marta notoʻgʻri kod terish orqali buni amalga oshirsa boʻladi. Qarabsizki, bank xodimlari bankomat ichidagi ayolga tegishli boʻlgan plastik kartani olib beradilar. Afsuski, uning ichidagi mablagʻ allaqachon yechib olingan edi. Xoʻsh, bunday vaziyatda mijoz kimni aybdor qiladi? Albatta, bankni! Oʻrganishlar esa firibgarning xatti-harakatini fosh qilib qoʻydi.

Amaldagi tartiblarni oʻzlashtirish, ulardan unumli foydalanish bizning manfaatlarimizga xizmat qiladi. Shunday ekan, hamma narsani bilishga urining va bunga erishing. Shundagina chuv tushib qolmaysiz. Bankomatni daromad manbaiga aylantirib olgan fuqaroga kelsak, u tergov jarayoniga jalb etilgan.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер