Bandlik dasturlari ijrosi oʻrganildi

06:45 31 Avgust 2023 Jamiyat
451 0

Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina joriy yilning oʻzida 5 mln. aholi bandligini taʼminlash, jumladan 2 mln. doimiy ish oʻrinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi aʼzolari 24-25-avgust kunlari Qashqadaryo viloyatida boʻlib, Dehqonobod tumanida bandlik dasturlari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrgandilar.

Dehqonobod tumanida oʻtkazilgan Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitalari sayyor yigʻilishida oʻrganish yakunlari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, oxirgi olti yilda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hayotimizning har bir jabhasida boʻy koʻrsatmoqda. Ayniqsa, bandlik, kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishga qaratilgan oʻzgarishlarni har bir fuqaro hayotida sezmoqda va his etmoqda. Bularning natijasi xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi tubdan oʻzgarayotganida namoyon boʻlayotir.

Joriy yilning 1-iyul holatiga koʻra, tumanda aholi soni 157735 nafar boʻlib, mehnatga layoqatlilar 79932, ish bilan band aholi 55569, shundan rasmiy sektorda bandlar 17936, norasmiy sektorida bandlar 29328, ishsizlar 5860, ishsizlik darajasi 9,5 foizni tashkil etadi.

Tumanda 2023-yilning 6 oyi davomida 5268 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, bu yillik koʻrsatgichga nisbatan 79 foizni tashkil etadi. Xususan, Investitsiya yoʻnalishida hududiy investitsiya loyihalari manzilli roʻyxatiga kiritilgan 76 ta loyihaning 32 tasi ishga tushirilgan. Yaratilishi kerak boʻlgan 452 ta ish oʻrinlarining atigi 88 tasi tashkil etilgan va yillik reja 19 foizga bajarilgan.

Dehqonobod tumani 5-toifaga kiritilgani sababli hududda roʻyxatdan oʻtgan 538 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining 968 mln. soʻmlik imtiyozdan foydalanib kelmoqda.

Shuningdek, bandlik xizmatlari orqali joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 3 ming 543 nafar ish bilan band boʻlmagan fuqarolarga bandlik xizmatlari koʻrsatilib, bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan 414 mln 309 soʻm mablagʻlar ajratildi.

Deputatlar hududda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, shu bilan birga sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.

Muhokamalar davomida aholi bandligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazoratining samaradorligini yanada oshirish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, shu orqali kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, kelgusida aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar, investitsiya loyihalari asosida yangi ish oʻrinlarini yaratishni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur uchrashuvlar davomida Prezidentimizning Fargʻona, Toshkent va Buxoro viloyatlariga tashrifi doirasida belgilangan vazifalarni hududlarda bajarilishi ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Qashqadaryo viloyatining alohida tabiiy sharoitlarga ega boʻlgan hududlarida mehnat qilayotgan, ogʻir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlayotgan xodimlarga toʻlanayotgan ish haqi, ustamalarni amaldagi mehnat qonunchiligiga mosligini oʻrgandilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер