Baliqchi tumanida mahalliy investorlar ishtirokida agrosanoat faoliyati izchil rivojlanmoqda

11:25 27 Yanvar 2026 Jamiyat
288 0

Mahalliy investorlar mamlakat iqtisodiyoti rivojida tobora faol oʻrin egallab bormoqda. Ayniqsa, hududlarda tashkil etilayotgan ishlab chiqarish korxonalari ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligida qoʻshimcha qiymat yaratish orqali iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shu yoʻnalishda Baliqchi tumanida faoliyat yuritayotgan “Vodiy agrotech” agroklasteri mahalliy fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda samarali ish olib bormoqda.

— Bunday korxonalar aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi tuman hokimligi masʼul xodimi Muzaffarbek Karimov. — Xususan, mazkur agroklasterda Sarnovul, Barkamol va Sherobod mahallalari aholisidan 200 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan. Mavsumiy ishlar davrida esa ish bilan band aholi soni 500 nafargacha yetadi. Bu koʻplab oilalar uchun barqaror daromad manbai hisoblanadi.

Korxona faoliyati eksport yoʻnalishida ham izchil rivojlanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarga ham yetkazib berilmoqda. Ayni paytda har oy oʻrtacha 1 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilinmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер