Baxtli hayotni taʼminlash — ustuvor maqsad

12:29 21 May 2021 Jamiyat
1406 0

Hasan PАYDOEV - “Xalq so‘zi”

Respublikamizning janubiy hududi — Surxondaryo viloyati mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda viloyatda sektorlar, xususan, ikkinchi sektor tashabbusi bilan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilyapti.

Birgina Denov tumanini olaylik. Mazkur hududda 103 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 394 ming 258 nafar aholi istiqomat qiladi.

Denov tumani prokurori, adliya maslahatchisi Аlisher Tog‘aymurodov rahbarligidagi 2-sektorga 36 ta mahalla fuqarolar yig‘ini biriktirilgan. Sektor rahbari tomonidan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, yangi ish o‘rinlari yaratib, ishsizlarning bandligini taʼminlash, yordamga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ularni kambag‘allikdan chiqarish, har bir insonning yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan manfaatdor bo‘lgan holda baxtli hayot kechirishlarini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan.

Bugungi kunda sektordagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, faollari bilan birgalikda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 8837 nafar oila aʼzolari bo‘lgan 2107 ta oilalar tanlab olinib, “temir daftar”ga kiritilgan. Shundan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar 672 ta, pandemiya oqibatida daromadini yo‘qotgan 1143 ta, kam taʼminlangan 253 ta, nogiron 32 ta va yakka-yolg‘iz keksalar 7 tani tashkil etadi.

Tuman prokurori tomonidan ularni har tomonlama qo‘llab-quvatlash, bu og‘ir ahvoldan chiqarish maqsadida turli yordamlar ko‘rsatib kelinyapti. Eng avvalo, mazkur oilalarning shart-sharoit va imkoniyatlari batafsil o‘rganilib, natijasiga ko‘ra, 115 ta oilaga issiqxona qurib berilishida ko‘maklashildi.

Аniq raqamlarga murojaat qilib aytadigan bo‘lsak, 34 ta oilaga 34 bosh yirik shoxli chorva mollari, 93 ta oilaga 7098 dona parranda, 11 ta oilaga o‘zini-o‘zi band qilishlari uchun asalari qutilari olib berildi. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarda yashovchi ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan 2107 ta kambag‘al oilaning 2061 nafar mehnatga layoqatli ishsiz aʼzosi ishga joylashtirildi.

Natijada “temir daftar”ga kiritilgan 2020 ta oila xalq deputatlari tuman Kengashining qarorlari asosida kambag‘allikdan chiqarishga erishildi. Qolgan 87 ta og‘ir moddiy qiyinchilikka uchragan oilalar alohida nazoratga olinib, doimiy ravishda ulardan xabar olib, ularning oziq-ovqat va boshqa ijtimoiy masalalari hal etib kelinmoqda.

Bu halli hammasi emas. 2-sektorda 23,871 nafar yoshlar mavjud bo‘lib, shundan 2,663 nafari “yoshlar daftari”ga kiritilgan. Yil boshidan buyon jami 1,548 nafar yoshga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ular orasida 279 nafari ishga joylashtirildi, 20 nafariga 123 mln. so‘mlik asbob-uskunalar subsidiya asosida ajratildi, 186 nafariga kredit ajratish orqali tadbirkorlikka jalb etildi. O‘z navbatida, kasb-hunarga o‘qitilganlari, tadbirkorlar va hunarmandlarga biriktirilganlari ham talaygina. 494 nafar yoshga 98,8 gektar yer maydoni ajratilgani ular bandligini taʼminlashda qo‘l kelmoqda.

Bundan tashqari, 2-sektor hududida 1816 nafar ayol “ayollar daftari”ga kiritilgan. Yil boshidan buyon jami 1,722 nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning 969 nafari ishga joylashtirildi. 670 nafariga kredit olib berildi, 96 nafariga tomorqasidan daromad olishi uchun ko‘mak berildi, 221 nafariga huquqiy, 161 nafariga psixologik, 55 nafariga tibbiy hamda 306 nafariga boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

Shuningdek, sektor hududida yashovchi 1-guruh nogironi bo‘lgan “ayollar daftari”ga ro‘yxatda turgan 13 nafar ayollarning uy-joyini homiylik asosida taʼmirlash ishlarini olib borish uchun tadbirkorlar biriktirilib, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Yana bir muhim jihat. 2-sektordagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yoshlar hamda aholini ishsiz qatlamini ish bilan taʼminlash maqsadida kichik sanoat zonasi tashkil etildi.

Ushbu kichik sanoat zonasida “Denov Umid Trans” MChJ tomonidan “Santexnika buyumlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi” bo‘yicha 200 ta, “Har xil turdagi quti (karobka) mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi” bo‘yicha “Аxmadjon Golden Gofra” oilaviy korxonasi tomonidan 25 ta, “Аlvansoy-Sirojiddin” oilaviy korxonasi tomonidan esa 10 ta, “Zarxol chevarchilik" oilaviy korxonasi tomonidan “Trikotaj mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi bo‘yicha 20 ta, jami 255 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Sektor hududida o‘zlashtirilmagan yaylov va qishloq xo‘jaligida foydanilmaydigan 92 ga. yer maydonida 4 ta ishlab chiqarish kooperativlari tashkil qilinib, ularga 251 nafar yoshlarga har biriga 20 sotixdan yer maydoni ajratib berildi. Vaholanki, bu yerlar yaylov yerlari bo‘lib, suv bo‘lmaganligi sababli qarovsiz holatda yotgan.

Hozirda bu yerlarga nasoslar va tomchilab sug‘orish tizimlari o‘rnatilib, to‘liq o‘zlashtirilgan hamda qishloq xo‘jadik mahsulotlari ekilgan.

“Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida sektor hududidagi “Cho‘ntosh” MFYda istiqomat qiluvchi А. Ochilovga tuman prokurori tashabbusi bilan 0,50 ga. yer maydoni malina ko‘chati va mevasini yetishtirish maqsadida ajratilishi taʼminlanib, mahalladagi 105 ta oilaning 17,2 ga. tomorqa yer maydoniga malina ko‘chati ekilgan.

Eʼtiborlisi, tuman prokurori tashabbusi bilan 115 ta yangi tadbirkorlik subʼekti yaratilib, natijada 213 ta ish o‘rinlari ochilgan. Shuningdek, faoliyatini to‘xtatgan 25 tadbirkorlik subʼekti faoliyati tiklanib, 47 ta ish o‘rinlari tashkil etilishiga erishilgan.

Ijtimoiy soha obʼektlarining holati doimiy o‘rganib borilyapti. Bu esa muammolarga yechim topishda qo‘l kelyapti.

Xususan, bevosita sektor rahbari tashabbusi va aralashuvi bilan 1,23 km. ichki yo‘llar asfalt qilindi, 64,4 km. yo‘llarga shag‘al yotqizilib, taʼmirlandi, 3,9 km. yangi gaz tarmog‘i tortildi, 291 ta gaz taqsimlash qurilmalari taʼmirlandi, aholini maishiy gaz ballonga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 161 dona gaz balonlari berildi.

Shuningdek, elektr-energiya yetkazib berish sifatini yaxshilash maqsadida eski transformatorlar yuqori kuchlanishli 8 ta yangi transformatorga almashtirilgan, 3 ta transformator mukammal, 53 tasi joriy taʼmirlangan, 8,5 km. havo elektr tarmog‘i tortilgan va 197 ta yangi elektr ustunlar o‘rnatib berildi.

Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 8 dona suv minorasi taʼmirlanib, 4 dona suv minorasi, 14 dona suv nasosi o‘rnatilgan hamda 8,2 km. suv quvuri tortildi. Natijada minglab xonadonlar toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi.

Bundan tashqari, 2 ta umumtaʼlim maktabi, 1 ta maktabgacha taʼlim va 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasi joriy taʼmirlandi. Hozirgi kunda sektor rahbari tashabbusi bilan “Lo‘pon” mahallasi hududida joylashgan 3-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi tadbirkorlar ko‘magi bilan qayta rekonstruktsiya qilinmoqda.

Denov tuman prokurori, adliya maslahatchisi Аlisher Tog‘aymurodovning bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari ko‘p. Jumladan, u sektordagi faoliyati davomida yordamga muhtoj oilalarga ijtimoiy ko‘mak berishga alohida urg‘u bermoqda.

Gap shundaki, А. Tog‘aymurodov tashabbusi bilan o‘tgan davrda 8 ta kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning uy-joyi homiylik asosida taʼmirlab berildi. 2 nafariga S. Olloyor nomidagi MFYda yashovchi Rima Nigmatulina va “Namuna” MFYda yashovchi Nasiba Sanginovalarga uy-joy qurib berildi.

Misol uchun, sektor hududidagi So‘fi Olloyor nomidagi MFY, M. Baraka ko‘chasi, 9-uyda yashovchi fuqaro Nima Nigmatulina va uning qizi Liliya Nigmatulinaning avariya holatiga kelib qolgan, 1947 yilda qurilgan 2 xonali yashash uyining o‘rniga sektor rahbarining bevosita tashabbusi bilan homiylik asosida 2 xonali (3x3, 3x5 hajmdagi) uy qurilib, topshirildi.

Homiylik asosida qurib berilgan uyga yashash uchun to‘liq shart-sharoit yaratib berildi, qo‘shimcha xarajatlar uchun fuqaro L. Nigmatulinaga sektor rahbari tashabbusi bilan 1 mln. so‘m bir martalik moddiy yordam puli ham ajratilgan.

Bu hali hammasi emas. Bundan tashqari, ushbu uyga elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda isitish tizimi o‘tkazilishi taʼminlandi, uyning kirish darvozasi ham yangilandi, uy-joy qurilishiga jami 95 mln. so‘mlik mablag‘ homiylik asosida sarflangan.

Fuqaro R. Nigmatulina va uning qizi L. Nigmatulinaning yashash sharoitidan doimiy ravishda sektor rahbari tomonidan xabar olinib, ularga tegishli moddiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Hozirgi kunda bevosita tuman prokurori tashabbusi bilan sektor hududidagi “Namuna” mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasidagi 0,70 gektar yer maydonida sektor hududidagi iqtisodiy qiyinchilikka uchragan, uy-joyga mo‘htoj bo‘lgan 24 nafar ayolga jami 5 mlrd. 184 mln. 153 ming 440 so‘mlik uy-joylar homiylik asosida qurilishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Denov tuman prokuraturasi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar juda ko‘p. Biz ularning ayrimlarini sanadik xolos. Eng asosiysi, 2-sektor rahbari o‘ziga biriktirilgan va boshqa hudud fuqarolarning baxtli hayotni taʼminlashni ustuvor vazifasi, deb biladi. Bu esa bugungi erishilgan yutuqlar salmog‘ini yanada oshirmoqda.

 

I. RАHMАTOV, “Xalq so‘zi”
Hasan PАYDOEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер