Bayram tantanalari oqshomga qadar davom etdi

12:04 31 Avgust 2021 Jamiyat
680 0

Toshkent viloyati aholisi Eng ulugʻ, eng aziz bayramimizni sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, viloyatning eksport salohiyatini yuksaltirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini takomillashtirish, hududning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholi turmush farovonligini yuksaltirish kabi sohalarda munosib yutuqlari bilan kutib olishdi. Ana shu muvaffaqiyatlar eʼtirofi Olmaliq shahridagi OKMK sport majmuasida Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan Toshkent viloyati mehnat ahlining katta bayram tantanasida yana bir bor oʻz aksini topdi. Bu yerga viloyat, tuman va shahar hokimliklari mutasaddilari, Senatorlar, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar vakillari, korxona va tashkilot rahbarlari, nuroniylar, yoshlar va jamoatchilik namoyondalari, OAV xodimlari tashrif buyurishdi.

30-avgust kuni boʻlib oʻtgan bayram tantanasida eʼtirof etilganidek, keyingi besh yilda viloyatda ishlab chiqarish hajmi bir necha barobarga ortdi. Birgina qishloq xoʻjaligida klaster tizimining tajriba maktablari yaratilib, muhtaram Prezidentimizning chekka qishloqlarga sanoatni olib kirish tashabbusi keng quloch yoydi. Bugun paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, parranda va baliqchilik sohalarida bu yangi tizim yuksak samara bermoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik, xususiy biznes, turizmni rivojlantirish borasida muayyan yutuqlar qoʻlga kiritilayotir. Masalan, 2017-yilga nisbatan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari soni bir necha barobarga oshdi. Birgina joriy yilning oʻtgan davri mobaynida bu tizimni rivojlantirish borasidagi reja koʻrsatkichlari oshigʻi bilan bajarildi. Misollarga murojaat etamiz: 2017-2020-yillarda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 57,1 ming nafar tadbirkorlik subyektiga 10,9 trln.soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan. Natijada viloyatda ishlab chiqarish va mahsulotlar eksporti sohasida xususiy sektorning ulushi yil sayin ortib bordi. Bularning barchasi Istiqlol tufayli aholiga yaratilgan imtiyoz va erkinliklar samarasi ekanligi yigʻilish qatnashchilari tomonidan takror-takror eʼtirof etildi.

OKMK sport majmuasida iqtidorli yosh sportchilarning koʻrgazmali chiqishlari bilan boshlangan bayram tantanalari taniqli estrada xonandalari ijrosidagi katta gala konsert dasturiga ulanib ketadi.

Kech oqshomga qadar davom etgan bayram dasturi Mustaqillikning 30 yilligiga bagʻishlangan mushakbozliklar bilan yakuniga yetdi.

Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер