Bayram kunlari dasturxonlar fayzli boʻladi
Foto: "Xalq soʻzi"
Bayramlar arafasida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabi odatdagidan koʻra, bir necha marotaba ortadi. Bu esa bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining narxi keskin oshishiga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida mamlakatimizda turli bayramlar oldidan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari oʻtkazilishi anʼana tusini olgan.

Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida Qashqadaryo viloyatidagi mavjud 19 ta dehqon (oziq-ovqat) bozorlari hamda yirik savdo markazlarida ham arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil qilinib, ularda poliz, sabzavot, meva va uzum kabi shirindan shakar meva-chevalar sotilyapti.

— Bozorimizda moʻl-koʻllik, bundan esa aholi xursand, — deydi “Gʻuzor dehqon (oziq ovqat) bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Xidirov. — Yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi ham xalqimiz uchun yana bir qulaylik yaratadi. Qariyb bir oydan buyon davom etayotgan yarmarkada goʻsht, tuxum va barcha turdagi poliz, meva-sabzavot mahsulotlari “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida keltirilib, arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda. Bundan tashqari, tumanning eng chekka hududlaridagi mahallalarda ham reja-grafik asosida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalarini tashkil etyapmiz.
Taʼkidlash joiz, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning tegishli topshirigʻiga asosan, Yangi yil bayrami arafasida hududdagi barcha yirik korxona va tashkilotlar hamda koʻp qavatli uylar joylashgan massivlarda ham koʻchma savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring